Robert Kennedining feyk da’vosi: AQSh tarixida hech qachon bunchalik ko‘p bola kasal bo‘lmagan
AQSh sog‘liqni saqlash vaziri Robert Jr F. Kennedi 10-sentabr kuni Dallasda bo‘lib o‘tgan Respublikachilar partiyasining oraliq saylovlar qurultoyida AQSh sog‘liqni saqlashga katta mablag‘ sarflashiga qaramay, mamlakatda «dunyo tarixidagi eng kasal bolalar» borligini aytdi. PolitiFact (Poynter) 14-sentabrda bu da’voni tekshirdi.
Tarixiy ma’lumotlar bu da’voni rad etadi. Insoniyat tarixining katta qismida bolalarning qariyb yarmi balog‘at yoshiga yetmasdan, asosan yuqumli kasalliklardan vafot etgan. AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazlari (CDC) ma’lumotiga ko‘ra, 1900-yilda AQShda har besh boladan biri 5 yoshga to‘lmasdan vafot etgan. 2018-yilda esa 1–4 yoshli har 100 ming boladan 24 nafari vafot etgan. Bu keskin pasayishga sanitariya, emlash va antibiotiklar sabab bo‘lgan: 2024-yilgi tadqiqotga ko‘ra, 1974-yildan beri emlash dunyo bo‘yicha 5 yoshgacha bo‘lgan 146 million bolaning hayotini saqlab qolgan.
Shu bilan birga, ayrim ko‘rsatkichlar xavotirli. 2025-yilgi tadqiqotga ko‘ra, 2007–2022-yillarda AQShda 1–19 yoshli bolalar va o‘smirlar o‘limi boshqa boy davlatlardagiga qaraganda 80 foiz yuqori bo‘lgan, bunga asosan o‘qotar qurollar va yo‘l-transport hodisalari sabab bo‘lgan. 2023-yilda amerikalik bolalarda surunkali kasallik bo‘lish ehtimoli 2011-yildagidan 15–20 foiz yuqori bo‘lgan.
Xulosa: AQSh bolalari ba’zi ko‘rsatkichlarda boshqa rivojlangan davlatlardagi tengdoshlaridan ortda qolmoqda. Biroq so‘nggi 200 yilda bolalar kasalligi va o‘limi keskin kamayganini hisobga olsak, «tarixdagi eng kasal bolalar» degan da’vo noto‘g‘ri.
Manba: Poynter / PolitiFact (14-sentabr)
