Feyk

Feyk falokatlar va haqiqiy muammo: Samarqanddagi “xarsang toshlar” videosi qanday tarqaldi?

Tog‘dagi katta xarsang tosh
© JYB Devot / Wikimedia Commons, CC BY-SA 4.0

Ijtimoiy tarmoqlarda sun’iy intellekt yordamida yaratilgan kontentlar soni keskin ortib borayotgan bir paytda, ularni haqiqiy voqelikdan ajratish tobora qiyinlashmoqda. Ayniqsa, tabiiy ofatlar, avariyalar va favqulodda hodisalar tasvirlangan videolar foydalanuvchilarning hissiyotlariga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. Natijada bunday materiallar tekshirilmasdan turib tez tarqaladi, ayrim hollarda esa ma’lum bir hudud yoki voqea bilan bog‘lab taqdim etiladi.

 

Ana shunday holatlardan biri Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi Jo‘sh qishlog‘ida go‘yoki yirik xarsang toshlar tog‘ yonbag‘iridan qulab tushayotgani aks etgan video bilan bog‘liq. Instagramdagi xabardor.uzz akkaunti ushbu videoni mahalliy hodisa sifatida tarqatgan. Videoda ulkan toshlar tik tog‘ yonbag‘iridan pastga qarab tezlik bilan harakatlanib, yo‘lidagi transport vositalari va relyefni vayron qilayotgani ko‘rsatiladi. Kadr davomida chang va mayda toshlardan iborat bulut butun manzarani qoplaydi.

Factcheck.uz ushbu videoning haqiqiy emasligini va sun’iy intellekt yordamida yaratilganini aniqladi.

Tekshiruv

Videoning kelib chiqishini aniqlash maqsadida kadrlar Google Lens orqali teskari qidiruvdan o‘tkazildi. Natijalar videoning asl manbasiga olib bordi.

Aniqlanishicha, video Facebook va Instagram platformalarida faoliyat yurituvchi Financial Sense Co nomli profil tomonidan e’lon qilingan. Ushbu akkaunt muntazam ravishda turli falokatlar, tabiiy ofatlar va avariyalar tasvirlangan videolarni sun’iy intellekt yordamida yaratib ulashadi. Muhimi, muallif odatda har bir video tavsifida uning sun’iy intellekt yordamida yaratilganini ko‘rsatadi.

Tekshiruv davomida aynan mazkur video Financial Sense Co tomonidan 2026-yil 9-fevral kuni e’lon qilingani aniqlandi. Video tavsifida ham bu real hodisa emasligi qayd etilgan.

Demak, videoning internetdagi ilk manbasi Samarqand yoki O‘zbekiston bilan bog‘liq emas.

Sun’iy intellektni aniqlovchi servislar nima dedi?

Factcheck.uz videoni teskari qidiruvdan o‘tkazishdan oldin uning sun’iy intellekt yordamida yaratilgan yoki yaratilmaganini aniqlash uchun bir nechta maxsus onlayn servislar orqali ham tekshirdi.

Biroq natijalar bir xil bo‘lmadi. Ayrim platformalar videoda SI elementlari mavjud bo‘lishi mumkinligini bildirgan bo‘lsa, boshqalari materialning haqiqiy yoki sun’iy yaratilganini ishonchli tarzda tasdiqlay olmadi.

humantext result
© humantext.pro servizi bergan noto‘g‘ri natija

Bu holat sun’iy intellekt yordamida yaratilgan zamonaviy videolarni avtomatik aniqlash vositalari hali ham mukammal emasligini ko‘rsatadi. Ko‘plab ekspertlar ham bugungi kunda SI detektorlari yordamchi vosita bo‘lib xizmat qilishi, yakuniy xulosa esa manbani tekshirish va ochiq ma’lumotlar tahliliga asoslanishi kerakligini ta’kidlaydi.

Video Samarqand bilan qanday bog‘lab yuborildi?

Tekshiruv davomida videoning O‘zbekiston segmentida qachon va qanday tarqala boshlagani ham o‘rganildi.

Ma’lum bo‘lishicha, video 2026-yil 27-may kuni Yunusobod.uz Instagram akkauntida Samarqand viloyatida yuz bergan hodisa sifatida e’lon qilingan. Keyinchalik boshqa sahifalar ham ushbu da’voni takrorlagan.

Biroq videoda aks etgan hududning aynan Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumaniga tegishli ekanini tasdiqlovchi hech qanday dalil mavjud emas. Shuningdek, mahalliy hokimiyatlar, Favqulodda vaziyatlar vazirligi yoki boshqa rasmiy manbalarda ham bunday hodisa qayd etilmagan.

Shu sababli videoning nima asosda aynan Samarqand bilan bog‘lab ko‘rsatilgani noma’lumligicha qolmoqda.

Xulosa

Samarqand viloyatining Qo‘shrabot tumanidagi Jo‘sh qishlog‘ida yirik xarsang toshlar qulab tushayotgani haqidagi video haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Tekshiruv natijalariga ko‘ra:

  • video sun’iy intellekt yordamida yaratilgan;

  • uning asl manbasi Financial Sense Co akkaunti hisoblanadi;

  • video ilk bor 2026-yil 9-fevral kuni internetga joylangan;

  • videoning Samarqand yoki O‘zbekiston bilan bog‘liqligini tasdiqlovchi dalillar mavjud emas;

  • video O‘zbekiston segmentida 27-may kuni mahalliy hodisa sifatida tarqatila boshlagan.

Shunday ekan, videodagi voqealar Samarqand viloyatida sodir bo‘lgani haqidagi da’vo asossiz hisoblanadi.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.