Feyk

Manipulyatsiya: Zoxran Mamdani 11-sentabr teraktida halok bo‘lganlarni xotirlash marosimida kulgan

Mamdani va Aleksandriya Okasio-Kortes suhbatlashib, bir-biriga tabassum qilgani aks etgan kadrlar haqiqiy, biroq bu holat atigi bir necha soniya davom etgan.

OAV va ijtimoiy tarmoqlarda Nyu-York meri Zoxran Mamdani 2001-yil 11-sentabrdagi terakt qurbonlarini xotirlash marosimida halok bo‘lganlar ismlari o‘qib eshittirilayotgan paytda kulgani haqida xabarlar tarqaldi (1, 2, 3, 4, 5). Nashrlar tadbir translyatsiyasidan olingan, Mamdani AQSh Vakillar palatasi a’zosi Aleksandriya Okasio-Kortes bilan suhbatlashayotgan qisqa videolavha bilan birga tarqaldi. Bu holat foydalanuvchilarning salbiy munosabatiga sabab bo‘ldi. Ular siyosatchilarning xatti-harakatlarida fojia qurbonlari xotirasiga hurmatsizlik alomatlarini ko‘rishdi. Ayrim postlarda esa shu sababli merning iste’foga chiqishi talab qilinayotgani aytilgan.

Factcheck.kz tahririyati bunday da’volar qanchalik asosli ekanini tekshirishga qaror qildi.

Hukm: Manipulyatsiya

Uzunroq videoyozuvda Mamdani bir necha soniyaga chalg‘ib, Okasio-Kortes bilan salomlashgani va ular bir-biriga tabassum qilgan holda bir necha jumla almashgani ko‘rinadi. Salomlashishdan oldin ham, keyin ham siyosatchi jiddiy qiyofada turgan. Video ularning marhumlarga qandaydir tarzda hurmatsizlik ko‘rsatganini tasdiqlamaydi. Bu holatda kontekstdan manipulyativ foydalanilgan.

Mazkur holatni Snopes, RTVI va Policy Wire faktchekerlari ham tahlil qilgan. Ular ham Mamdanining «kulayotgani» haqidagi xabarlarda muhim kontekst qoldirib ketilgani va bu holat chalg‘ituvchi ekaniga e’tibor qaratgan.

Batafsil

Okasio-Kortes uning yoniga kelishidan oldin Mamdani jilmaymagan. Buni CNN e’lon qilgan uzunroq videoyozuvda ko‘rish mumkin. Keyin ular salomlashib, bir necha soniya davomida suhbatlashgan va shu paytda ikkalasi ham bir-biriga tabassum qilgan. Okasio-Kortes bir marta kulgan, Mamdani esa tabassum qilishda davom etgan. Qisqa suhbatdan so‘ng ular qurbonlar ismlarini o‘qib eshittirayotgan odamlarga e’tibor qaratgan va yuzlaridagi ifoda yana jiddiy tus olgan.

CNN sayti o‘z videolarini boshqa resurslarga joylashtirishga ruxsat bermaydi, skrinshot va fotosuratlar esa yetarlicha ishonchli dalil bo‘lmasligi mumkin. Shu sababli havola orqali o‘tib, voqea aslida qanday kechganini ko‘rishni tavsiya qilamiz.

Tadbirda ishtirok etgan boshqa siyosatchilar ham Mamdani va Okasio-Kortesga nisbatan bildirilayotgan tanqidlar asossiz ekanini ta’kidlagan.

Nyu-Yorkning sobiq meri Rudi Juliani xavfsizlik xizmati rahbari, respublikachi Maykl Ragusa Newsweek nashriga bergan izohida ular yonida ikki soat davomida turganini va ikkalasi ham o‘zini juda hurmat bilan tutganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘plab demokratlar va respublikachilar esa telefonlaridan foydalangan, kulgan va o‘zaro suhbatlashgan.

Nyu-York shtati Assambleyasining sobiq a’zosi, demokrat Yu-Layn Niu X’dagi postida Mamdani va Okasio-Kortesga bildirilayotgan ayblovlarni «kulgili» deb atagan. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha soat davom etadigan marosim vaqtida do‘stlar va qo‘shnilar bir-birini ko‘rib, salomlashishi, quchoqlashishi va yaqinlari bilan bog‘liq yoqimli xotiralarni eslab kulishi odatiy hol. U, shuningdek, ko‘plab siyosatchilardan farqli ravishda, Mamdani tadbir oxirigacha qolganini va terakt qurbonlarining oilalari bilan yana 45 daqiqa suhbatlashganini ta’kidlagan.

Associated Press telekanalining marosim to‘liq translyatsiyasini ko‘rsangiz, unda ko‘plab odamlar bo‘lganini va ijtimoiy tarmoqlardagi ayrim postlarda da’vo qilinganidek, barcha ishtirokchilar yig‘lamaganini ko‘rish mumkin. Aksincha, Yu-Layn Niu aytganidek, ko‘plab odamlar nafaqat marosimni kuzatgan, balki bir-biri bilan ham muloqot qilgan.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.