Sem Altman «bitta bodom 38 ming ChatGPT so‘roviga teng suv sarflaydi» deya da’vo qildi
OpenAI bosh direktori Sem Altman 1-sentabr kuni efirga uzatilgan podkastda Kaliforniyada bitta bodom yetishtirishga ketadigan suv 38 ming ChatGPT so‘roviga sarflanadigan suvga teng ekanini aytdi. Altmanning o‘zi ham raqam aniq emasligini tan olgan. PolitiFact (Poynter) 15-sentabrda bu da’voni tekshirdi.
Aftidan, Altman ikkita manbaga tayangan: 2025-yilda o‘z blogida e’lon qilgan postida ChatGPT’ga yuborilgan bitta so‘rov o‘rtacha 0,32 ml suv sarflashini aytgan. 2019-yildagi tadqiqotga ko‘ra esa, bitta bodom yetishtirish uchun 12 litr suv sarflanadi. 12 litrni 0,32 ml ga bo‘lsak, taxminan 37 500 chiqadi.
Biroq, bu taqqoslash chalg‘itishi mumkin. Birinchidan, 12 litr suv tarkibiga yomg‘ir suvi va ifloslantiruvchi moddalarni, masalan, o‘g‘itlarni suyultirish uchun zarur bo‘lgan «kulrang suv» ham kiradi. Bitta bodomni yetishtirish uchun sug‘orishga taxminan 6 litr chuchuk suv sarflanadi. Bu esa nisbatni darhol ikki baravar kamaytiradi.
Ikkinchidan, ChatGPT uchun keltirilgan raqamning yagona manbasi — Altmaning o‘z blogi. OpenAI suvning umumiy sarfi bo‘yicha ma’lumotlarni e’lon qilmaydi.
Mustaqil baholashlar ancha yuqori raqamlarni ko‘rsatadi. 1-sentabrda e’lon qilingan tadqiqotga ko‘ra, GPT-4o modeli elektr energiyasini ishlab chiqarish uchun sarflanadigan suvni ham hisobga olganda, so‘rov uzunligiga qarab, har bir so‘rov uchun 0,6 dan 17 ml gacha suv sarflaydi. Shu sababli, turli hisob-kitoblarga ko‘ra, bitta bodom uchun sarflanadigan chuchuk suv hajmiga 38 mingta emas, balki 1 000 dan 10 000 tagacha ChatGPT so‘rovi to‘g‘ri keladi.
Shu bilan birga, umuman olganda, qishloq xo‘jaligi ma’lumotlarni qayta ishlash markazlariga qaraganda ancha ko‘p suv iste’mol qiladi. 2020-yilda AQSh fermalari ekinlarni sug‘orish uchun qariyb 30 trillion gallon suv sarflagan bo‘lsa, 2023-yilda ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari taxminan 228 milliard gallon suv ishlatgan.
Manba: Poynter / PolitiFact (15-sentabr)
