Rihanna Moskva viloyatidagi to‘yda qo‘shiq kuyladimi?
Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek va rus tillaridagi segmentida “Bu voqeani hech kim kutmagandi… Moskva viloyatidagi (Podmoskovye) to‘yga jahon darajasidagi yulduz uchib keldi” sarlavhasi ostidagi video tasvirlar keng tarqaldi. Videoda xonanda Rihannaga juda o‘xshash bo‘lgan, jigarrang mo‘ynali kiyim (shuba) kiygan ayolning to‘yxonada qo‘shiq kuylayotgani aks etgan.
Ushbu xabarlar ko‘plab foydalanuvchilar o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi: ba’zilar haqiqatan ham xorijiy yulduz to‘yga kelganiga ishongan bo‘lsa, boshqalar buni montaj yoki feyk video deb hisobladi.
Factcheck.uz ushbu videoning qanchalik haqiqatga mos kelishini tekshirdi.
HUKM: FEYK
Videoda aks etgan shaxs haqiqiy Rihanna emas, balki uning professional qiyofadoshi hisoblanadi.
1. Video qayerda va qachon olingan?
Tarqalgan video tasvirlar Rossiyaning Moskva viloyati Mytishchi (Мытищи) shahridagi shahar tashqarisidagi yaxta-klublardan birida olingan. Ushbu to‘y taniqli rossiyalik blogerlar va tiktokerlar — Artem Melikson (@mellikson) hamda Madina Kargay (@kargayy)larning nikoh oqshomi edi.
2. “Rihanna” to‘yda qanday paydo bo‘ldi?
To‘y marosimidan bir necha kun avval kelin-kuyov o‘z ijtimoiy tarmoqlarida hazilli videolarni joylashtirib kelishgan. Unda ular o‘z to‘ylariga jahon yulduzi Rihannani taklif qilishni orzu qilayotganliklari, xonandaning jamoasi bilan yozishmalarda uning gonorari 10 000 000 AQSh dollari ekanini ko‘rib shokka tushganliklari haqida gapirishgan. Er-xotin obunachilaridan Rihannani izohlarda belgilashni (tag qilishni) so‘rab, hazil kampaniyasini boshlagan.
To‘y kuni esa sahnada xonandaning xuddi o‘sha obrazdagi professional qiyofadoshi chiqish qilgan. Bu chiqish to‘y tashkilotchilari va do‘stlar tomonidan kelin-kuyov hamda mehmonlar uchun tayyorlangan maxsus shou-syurpriz (tribyut-perfomans) bo‘lgan.
3. Haqiqiy Rihanna ayni vaqtda qayerda?
Haqiqiy xonanda Rihanna ayni kunlarda Rossiyada emas. Shuningdek, xonandaning rasmiy sahifalarida yoki jahonning nufuzli nashrlarida uning Rossiyadagi xususiy tadbirda qatnashgani haqida hech qanday ma’lumot mavjud emas.
Xulosa
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan klikbeyt (odamlarni jalb qiluvchi) sarlavhali videolar va xabarlar haqiqatdan yiroq. Rossiyalik blogerlarning to‘yida haqiqiy Rihanna emas, balki uning obrazini mukammal takrorlagan parodiya ustasi (qiyofadoshi) ishtirok etgan. Telegram-kanallar va ijtimoiy tarmoq sahifalari ko‘rishlar sonini (prosmotr) oshirish maqsadida ushbu sahna ko‘rinishini haqiqiy voqea sifatida taqdim etgan.
