Jeff Bezos sun’iy intellekt uchun suv iste’molini cheklash kerakligini aytganmi?
Amazon va Blue Origin asoschisiga nisbat berilgan ushbu iqtibos aslida satirik sahifa tomonidan o‘ylab topilgan.
Iyun oyida ijtimoiy tarmoqlarda Amazon asoschisi Jeff Bezosga nisbat berilgan, sun’iy intellekt rivoji uchun suv iste’molini cheklash zarurligi haqidagi iqtibos keng tarqaldi. «Provereno» faktcheking nashri ushbu da’volarning qanchalik haqiqatga mosligini tekshirdi.
Iqtibos nima haqida?
«Amazon asoschisi Jeff Bezos insonlarning faol suv iste’moli sun’iy intellekt salohiyatini cheklayotganini aytdi», — deyiladi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabarlardan birida.
Ba’zi postlarga ingliz tilidagi maqola skrinshoti ham ilova qilingan. Unda Bezosga tegishli deb ko‘rsatilgan ushbu bayonot sarlavhaga chiqarilgan. Matn mualliflari Amazon asoschisi bu fikrni VivaTech konferensiyasidagi nutqida bildirganini ta’kidlashadi.
Faktchekerlar nimalarni aniqladi?
VivaTech — har yili Parijda o‘tkaziladigan, innovatsiyalar va startaplarga bag‘ishlangan xalqaro texnologik konferensiya. 2026-yilda u 17–20-iyun kunlari bo‘lib o‘tdi va Jeff Bezos unda haqiqatan ham ishtirok etdi. Uning chiqishi Associated Press axborot agentligi tomonidan YouTube’da jonli efirda namoyish etilgan. Nutqning asosiy mavzusi Bezosning Blue Origin aerokosmik kompaniyasi loyihalari bo‘lgan.
Tadbirkor arzon va qulay kosmik infratuzilma yaratish strategiyasi hamda ekologiyaga zarar yetkazuvchi sanoatni Yer tashqarisiga ko‘chirish maqsadida Oyni o‘zlashtirish rejalari haqida gapirgan. Bezos sun’iy intellekt mavzusiga ham to‘xtalib, «sun’iy muhandis» yaratish bilan shug‘ullanayotgan yangi Prometheus kompaniyasi haqida so‘zlagan. Suv masalasi esa faqat kosmik loyihalar doirasida tilga olingan. Uning aytishicha, Oyda muz ko‘rinishida mavjud bo‘lgan suvni qayta ishlab, vodorod yoqilg‘isiga aylantirish va uchish apparatlarini yonilg‘i bilan ta’minlashda foydalanish mumkin. Nutq yozuvida sun’iy intellekt sababli suv iste’molini cheklash haqida hech qanday bayonot mavjud emas.
Ba’zi postlarda keltirilgan skrinshot Hindistonning ingliz tilidagi The Print nashri saytiga tegishli.
Maqola muallifi Bezos hech qachon aytmagan quyidagi iqtibosni keltirgan:
«Agar ma’lumotlarni qayta ishlash infratuzilmamizni odamlarning oddiy qulayligini saqlash uchun zarur bo‘lgan sovitish resurslaridan mahrum qilsak, unda barcha resurs muammolarimizni hal qilishi mumkin bo‘lgan superintellektning paydo bo‘lishini ongli ravishda kechiktirayotgan bo‘lamiz. Ba’zan bizni qutqarishi mumkin bo‘lgan aqlni, bizni cheklab turgan biologiyadan ustun qo‘yishga to‘g‘ri keladi.»
Ushbu iqtibosning aniqlangan eng ilk nashri 2026-yil 18-iyun kuni BPD News’ning Instagram sahifasida e’lon qilingan. Mazkur akkaunt tavsifida esa: «Hazil uchun yaratilgan satirik sahifa» deb yozilgan.
