Yangi hantavirus tarqalishi tahdidi haqida nimalar ma’lum
MV Hondius kruiz kemasida kam uchraydigan hantavirusning tarqalishi oqibatida bir nechta davlatlarda yo‘lovchilarni shoshilinch evakuatsiya qilish va karantin choralari joriy etildi.
MV Hondius layneri aprel oyida Argentinadan yo‘lga chiqqan. Kemada jami 147 kishi – 87 yo‘lovchi va 60 ekipaj a’zosi bo‘lgan. Hantavirus aniqlangach, bir nechta davlat o‘z fuqarolarini zudlik bilan evakuatsiya qilishni boshladi. The Guardian nashrining yozishicha, 23 davlatdan bo‘lgan 100 dan ortiq odam ikki sutkadan kam vaqt ichida kemadan olib chiqilgan. Ispaniya hukumati bu operatsiyani “murakkab” va “misli ko‘rilmagan” deb atagan.
Kasallanish holatlari
CNN’ning Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) ma’lumotlariga tayanib xabar berishicha, kamida to‘qqizta kasallanish holati qayd etilgan. Ulardan yettitasi tasdiqlangan, ikkitasi esa ehtimoliy holat sifatida baholanmoqda. Virus sabab Niderlandiyalik er-xotin va Germaniya fuqarosi vafot etgan.
Bundan tashqari, 11 may kuni JSST Ispaniya fuqarolik gvardiyasi xodimi ham vafot etganini ma’lum qildi. U MV Hondius yo‘lovchilarini evakuatsiya qilishda qatnashgan. Ammo o‘limga virus emas, yurak xuruji sabab bo‘lgani aytilmoqda.
The Guardian ma’lumotiga ko‘ra, mutaxassislar ayniqsa Andes shtammiga e’tibor qaratmoqda. Bu hantavirusning odamdan odamga yuqishi mumkin bo‘lgan yagona ma’lum turi hisoblanadi. JSST virus kemaning o‘zida ham yuqgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.
CNN xabariga ko‘ra, AQSh 17 nafar amerikalik va AQShda yashovchi bir britaniyalik fuqaroni evakuatsiya qilgan. Samolyot Nebraska shtatiga qo‘ngan va yo‘lovchilar maxsus karantin bo‘limiga joylashtirilgan. Evakuatsiyani Fransiya, Ispaniya, Kanada, Irlandiya, Niderlandiya va Buyuk Britaniya ham boshlagan.
The Guardian yozishicha, virus yuqtirgani tasdiqlangan fransiyalik ayollardan biri Parijdagi maxsus infeksion bo‘limda og‘ir ahvolda qolmoqda. Yana bir amerikalik yo‘lovchida ham virus aniqlangan, biroq unda hozircha alomatlar kuzatilmagan.
Polshada esa bir kishi hantavirus yuqtirgan bo‘lishi mumkin degan gumon bilan sanitariya-epidemiologik kuzatuvga olingan. Bu haqda Rynek Zdrowia portali mamlakat bosh sanitariya inspektori Pavel Gjesyovskiyga tayanib xabar berdi. Uning aytishicha, kuzatuv ostidagi odamda hozircha hech qanday simptom yo‘q. Karantin yetti kun davom etadi.
Shu bilan birga, Argentina mutaxassislari virus manbai kruiz boshlangan Ushuaya shahri bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminlarni rad etdi. Daily Mail yozishicha, avvalroq ayrim OAVlarda infeksiya shahardagi kalamushlar va boshqa parazitlarga to‘la chiqindixona orqali tarqalgan bo‘lishi mumkinligi haqida taxminlar paydo bo‘lgan edi.
Ammo Olovli Yer provinsiyasi epidemiologiya boshqarmasi rahbari Xuan Petrina birinchi kasallangan yo‘lovchi – 70 yoshli Leo Sxilperoord kruizdan avval Shimoliy Patagoniyada bo‘lganini ma’lum qildi. Bu hududda allaqachon 100 dan ortiq hantavirus holati qayd etilgan. Qaysi shtamm haqida gap ketayotgani esa ochiqlanmagan.
Pandemiya xavfi past
JSST kasallanganlar bilan aloqada bo‘lganlar uchun 42 kunlik karantin va simptomlarni har kuni kuzatishni tavsiya qilgan.
Shu bilan birga, CNN va The Guardian suhbatlashgan tibbiyot mutaxassislari global pandemiya xavfi hozircha past deb baholanayotganini ta’kidladi. Ayrimlar vaziyatni COVID-19 pandemiyasining boshlanishi bilan taqqoslayotgan bo‘lsa-da, mutaxassislar buning uchun asos yetarli emasligini aytmoqda.
“Promomed” kompaniyasining yangi mahsulotlar bo‘yicha direktori Kira Zaslavskayaning tushuntirishicha, hantavirus dunyo bo‘ylab tarqalgan bo‘lib, asosan yovvoyi kemiruvchilar orasida uchraydi. Ular virusni umr bo‘yi so‘lak, siydik va najas orqali tarqatadi. Infeksiya manbai sifatida ko‘rshapalaklar, sudralib yuruvchilar va baliqlar ham ko‘rilmoqda.
Odamlar ko‘pincha zararlangan hayvonlar chiqindilari zarralari aralashgan havoni nafas orqali yutganda kasallanadi. Virus gemorragik isitma va buyrak sindromini keltirib chiqarishi, davolanmgan taqdirda esa buyrak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.
Uning aytishicha, favipiravir va molnupiravir asosidagi zamonaviy dorilar virus ko‘payishini to‘xtatishga yordam beradi.
