Fakt

Erondagi norozilik namoyishlari qurbonlari soni va rasmiy manbalarga oid da’volar tarqaldi

Amerikaning Time jurnali xabariga ko‘ra, Eronda yuz bergan ommaviy norozilik namoyishlari vaqtida 8 va 9-yanvar kunlarining o‘zida 30 ming nafargacha odam halok bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Nashr bu ma’lumotni mamlakatda internet aloqasi to‘liq uzilgan paytda o‘zaro yozishmalar olib borgan Eron Sog‘liqni saqlash vazirligining ikki nafar yuqori lavozimli amaldoriga tayanib keltiradi. Xabarda aytilishicha, qurbonlar sonining nihoyatda ko‘pligi sababli jasadlar uchun mo‘ljallangan qoplar ham tugab qolgan, ularni olib chiqishda tez yordam mashinalari o‘rniga yuk mashinalarining yarim tirkamalaridan foydalanilgan.

AQShda joylashgan HRANA inson huquqlarini himoya qiluvchi tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, yil oxirida boshlangan norozilik namoyishlari davomida 5 495 kishi halok bo‘lgan, ularning 5 149 nafari namoyishchilar hisoblanadi. Shuningdek, HRANA hozirda 17 031 ta ehtimoliy o‘lim holatini tekshirmoqda. Huquq faollarining bildirishicha, yana 7 403 kishi og‘ir tan jarohati olgan, Eron xavfsizlik kuchlari esa 40 887 kishini hibsga olgan.

Shu bilan birga, The Jerusalem Post gazetasi xabar berishicha, Eronning oliy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy AQSh tomonidan ehtimoliy zarbadan xavfsirab, Tehronda joylashgan yerosti bunkeriga ko‘chib o‘tgan. Nashr mazkur inshootni bir-biriga ulangan tunnellar tizimidan iborat mustahkam yerosti boshpanasi sifatida ta’riflaydi. AQSh hujumi ehtimoli oshgani haqida 24-yanvar kuni Iran International nashri ham ma’lum qilgan.

Avvalroq AQSh prezidenti Donald Tramp Eronga qarab “AQShning ko‘plab harbiy kemalari yo‘lga chiqqani”ni aytib, “ularni qo‘llashga hojat qolmasligiga umid qilaman”, deya ta’kidlagan edi. Eron muxolifatiga yaqin nashr ma’lumotiga ko‘ra, Oyatullohning uchinchi o‘g‘li Mas’ud Xomanaiy mamlakat oliy rahbarining kundalik faoliyatini vaqtincha boshqarishni o‘z zimmasiga olgan.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.