Instagramdagi da’vo: “kaltakesaklar virus tarqatadi va ularni yo‘q qilish kerak” – faktlar nima deydi?
Ijtimoiy tarmoqlarda vaqti-vaqti bilan ilmiy asosga ega bo‘lmagan, hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlikni targ‘ib qiluvchi da’volar tarqalmoqda. Factchecker.uz e’tiboriga tushgan navbatdagi holatda Instagram platformasida kaltakesaklarni o‘ldirishga chaqiriladi va ularni turli viruslarni tarqatishda ayblanadi.
Mazkur murojaat ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga va jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘ldi.
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti gerpetologi Timur Abduraupov Factchecker.uz’ga bergan izohida kaltakesaklar inson uchun xavf tug‘dirmasligini ta’kidladi:
“Kaltakesaklar inson salomatligi uchun mutlaqo xavfsiz. Ular hech qanday virus yoki kasallik tarqatmaydi. Aksincha, ular tabiat uchun juda foydali. Kaltakesaklar zararli hasharotlar bilan oziqlanadi va ekotizimda muhim rol o‘ynaydi. Birgina kaltakesak tunda 600 tagacha chivin va boshqa zararli hasharotlarni yo‘q qilishi mumkin. Ularni yo‘q qilish tabiiy muvozanatga jiddiy zarar yetkazadi.”
Mutaxassisga ko‘ra, kaltakesaklarni o‘ldirish yoki bunga ommaviy chaqiriqlar ilmiy jihatdan mutlaqo asossiz.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 110-moddasiga muvofiq, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish, ularni azoblash yoki o‘ldirish, shuningdek bunday harakatlarni internet va ommaviy axborot vositalari orqali targ‘ib qilish javobgarlikka sabab bo‘ladi.
Shu bois jonivorlarni o‘ldirishga ochiq chaqiriqlar nafaqat axloqiy jihatdan, balki huquqiy nuqtayi nazardan ham qonunbuzarlik hisoblanadi.
Factchecker.uz tekshiruvi shuni ko‘rsatdiki, “kaltakesaklar virus tarqatadi” degan da’vo ilmiy dalillar bilan tasdiqlanmaydi. Aksincha, kaltakesaklar ekotizim va inson uchun foydali jonivorlar hisoblanadi. Ularni o‘ldirishga chaqirish esa yolg‘on axborot tarqatish, ekologik savodsizlik va qonun buzilishidir.
