Haqiqat va sun’iylik o‘rtasida: Venesuela voqealari atrofidagi feyk videolar qanday tarqaldi
AQSh prezidenti Donald Tramp Venesuela yetakchisi Nikolas Maduro va uning rafiqasi qo‘lga olingani haqida bayonot berganidan keyingi dastlabki soatlarda ijtimoiy tarmoqlar yolg‘on axborot to‘lqini bilan to‘lib ketdi. Neyron tarmoqlar yordamida yaratilgan videolar, Karakasdan olingan “yangi kadrlar” sifatida taqdim etilgan eski yozuvlar, shuningdek, uydirma hibsga olish sahnalari TikTok, Instagram va X platformalarida tezda ommalasha boshladi.
AQSh harbiy harakatlari va undan keyingi Maduroning qo‘lga olinishi shov-shuvli mavzudan foyda ko‘rishga urinayotgan foydalanuvchilar faollashuviga sabab bo‘ldi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda yirik xalqaro voqealar doimiy ravishda dezinformatsiya bilan kechayotganiga qaramay, platformalar tarqalayotgan kontentni nazorat qilishga dosh bera olmadi.
Xususan, ijtimoiy tarmoqlarda AQSh Narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasi (DEA) agentlarining operatsiyada ishtirok etganini go‘yoki tasdiqlovchi “hujjatli” dalillar keng tarqaldi. Biroq Maduroning kuch tuzilmalari xodimlari qurshovida turgani aks etgan shunday tasvirlardan biri feyk ekani ma’lum bo‘ldi. Google DeepMind kompaniyasining SynthID texnologiyasi yordamida o‘tkazilgan tekshiruv rasm sun’iy intellekt tomonidan yaratilganini ko‘rsatdi. Tasvirga o‘rnatilgan ko‘rinmas raqamli belgi uning sun’iy ekanini tasdiqladi.
Avvalroq sun’iy intellektka asoslangan boshqa vositalar, jumladan Google va X chat-botlari ham materiallarning soxtaligini ko‘rsatgan edi. Biroq ayrim hollarda algoritmlar o‘zlari xatoga yo‘l qo‘yib, tasvir faqat tahrirlangan va 2017-yilda meksikalik narkobaron qo‘lga olingan voqealardan olingan, deb noto‘g‘ri xulosa chiqargan.
Bu dezinformatsiya to‘lqini fonida TikTok va Instagram o‘nlab feyk tasvirlar asosida montaj qilingan videolar joylashtiriladigan maydonga aylandi. Shulardan biri Ruben Dario ismli foydalanuvchi tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, unda go‘yoki Venesuela yetakchisining hibsga olinishi aks etgan. Ushbu kontent Instagram’da 12 mingdan ortiq ko‘rildi va tezda boshqa platformalarga ham tarqaldi.
Ba’zi foydalanuvchilar esa hozirgi voqealarga aloqasi bo‘lmagan, ancha oldin olingan materiallarni Karakasdagi holat sifatida tarqatdi. Masalan, Trampning ta’sirchan tarafdori Laura Lumer Maduroning plakati olib tashlanayotgan video bilan bo‘lishib, uni hibsga olish munosabati bilan “xalq bayramlari” deb izohladi. Keyinchalik video 2024-yilda olingani aniqlanib, yozuv o‘chirildi.
Shu bilan birga, o‘zini “Harbiy razvedka” deb atagan boshqa akkaunt Venesuela poytaxtining go‘yoki shturmi aks etgan klipni joyladi. Aslida bu video ilk bor 2025-yil noyabr oyida e’lon qilingan edi. Shubhali kelib chiqishiga qaramay, video ikki milliondan ortiq tomosha yig‘di va hanuz ochiq qolmoqda.
Raqamli soxtaliklarning tarqalish tezligi allaqachon faktlarni tekshirishdan ilgarilab ketgan. Global inqirozlar paytida esa bu holat haqiqatni idrok etishga ta’sir ko‘rsatish vositasiga aylanadi. Mas’uliyatli moderatsiyasiz platformalar nafaqat muloqot maydoni, balki manipulyatsiya maydoniga ham aylanib qolmoqda.
