Feyk: Shvetsiyada har to‘rtinchi ayol zo‘ravonlik qurboniga aylanadi, mamlakat hukumati esa faqat Ukrainaga yordam berish bilan band
Ijtimoiy tarmoqlarning prorossiyacha segmentida Shvetsiyada jinsiy zo‘ravonlik keskin oshgani haqidagi da’volar tarqalmoqda. Xabarlarda zo‘rlashlar soni go‘yoki 500 foizga ko‘paygani va “har to‘rtinchi shved ayoli” jinsiy zo‘ravonlik qurboniga aylanishi aytiladi. Ushbu xabarlar Shvetsiya ichki muammolarni e’tiborsiz qoldirib, Ukrainaga yordam berishga e’tibor qaratayotgani haqidagi kinoyali izohlar bilan birga tarqatilmoqda.
Da’vo nimadan iborat?
Tarqalgan postlarga ko‘ra:
- Shvetsiyada zo‘rlashlar darajasi 500 foizga oshgan;
- mamlakatda har to‘rtinchi ayol jinsiy zo‘ravonlik qurboniga aylanadi;
- vaziyat migrantlar oqimi bilan bog‘liq;
- Shvetsiya hukumati ichki muammolar o‘rniga Ukrainaga yordam berishga e’tibor qaratmoqda.
Faktlar qanday?
Ushbu da’volar eskirgan va manipulyativ ma’lumotlarga asoslangan. Tarqatilayotgan skrinshotdagi maqola 2013-yilda chop etilgan bo‘lib, undagi xulosalar hozirgi vaziyatni aks ettirmaydi. Unda jinsiy zo‘ravonlikning o‘sishi musulmon davlatlardan migratsiya bilan bog‘langan, biroq bu fikrni na Shvetsiya rasmiylari, na mustaqil tadqiqotlar tasdiqlaydi.

Shvetsiya Jinoyatlarning oldini olish bo‘yicha milliy kengashi vakili Lars Levenhagen ma’lumotlariga ko‘ra, 2014-yilda mamlakat aholisining 2,4 foizi huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha murojaat qilgan. Bu ko‘rsatkich turli darajadagi va turli shakldagi jinoyatlarni o‘z ichiga oladi. To‘g‘ridan to‘g‘ri zo‘rlash holatlari bo‘yicha esa 3 224 nafar ayol ariza bergan bo‘lib, bu Shvetsiya aholisining taxminan 0,03 foiziga teng.
Ekspertlar 2005–2017-yillar oralig‘ida tergov qilinayotgan zo‘rlash holatlari soni oshganini inkor etmaydi. Biroq bu o‘sish asosan “zo‘rlash” tushunchasining huquqiy jihatdan kengaytirilgani bilan izohlanadi. Ya’ni ilgari jinoyat sifatida qayd etilmagan ayrim holatlar keyinchalik statistika doirasiga kiritilgan.
Shuningdek, mutaxassislar jabrlangan ayollarning huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilish faolligi oshganini ham muhim omil sifatida ko‘rsatadi. Statistikaga ta’sir qilgan boshqa omillar qatorida tanishuv ilovalari va ijtimoiy munosabatlar shaklining o‘zgarishi ham tilga olinadi.
Sotsiolog Klara Selinning ta’kidlashicha, Shvetsiyada jinsiy zo‘ravonlik bo‘yicha statistika boshqa mamlakatlarga nisbatan ancha batafsil yuritiladi. Agar ayol uzoq vaqt davomida muntazam zo‘ravonlikka uchraganini bildirsa, har bir holat alohida jinoyat sifatida qayd etiladi. Ko‘plab boshqa mamlakatlarda esa bunday vaziyat bitta jinoyat sifatida ro‘yxatga olinadi.
Migratsiya va Ukraina bilan bog‘liqmi?
Ko‘plab xalqaro tadqiqotlar jinsiy zo‘ravonlik darajasi oshishini musulmon davlatlardan kelgan migrantlar bilan bog‘lamaydi. Shuningdek, Shvetsiyadagi ushbu statistika Ukrainaga ko‘rsatilayotgan yordam bilan ham hech qanday aloqaga ega emas.
Rossiyaparast axborot manbalari Yevropa Ittifoqi mamlakatlarini obro‘sizlantirish maqsadida migrantlar inqirozi, narxlar oshishi yoki xavfsizlik bilan bog‘liq bo‘rttirilgan va noto‘g‘ri xabarlarni muntazam tarqatib keladi.
Xulosa
Shvetsiyada “har to‘rtinchi ayol zo‘ravonlik qurboni” ekani va zo‘rlashlar 500 foizga oshgani haqidagi da’volar haqiqatga mos emas. Tarqatilayotgan ma’lumotlar eskirgan, kontekstdan uzib olingan va manipulyativ tarzda talqin qilingan. Ushbu statistika na migrantlar oqimi, na Shvetsiyaning Ukrainaga ko‘rsatayotgan yordami bilan bog‘liq.
