Kianu Rivz uysiz mushuk va itlar uchun ulkan boshpana ochdimi?
2025-yil dekabr oyida ijtimoiy tarmoqlarda aktyor Kianu Rivz AQShda yirik xayriya loyihasini ishga tushirgani haqidagi xabarlar keng tarqaldi. Ushbu ma’lumot qanchalik ishonchli?
Xabarlarga ko‘ra, Kianu Rivz Kaliforniyada joylashgan Arch Haven Animal Sanctuary nomli boshpanani tashkil etish uchun 100 million AQSh dollari ajratgan. Aytilishicha, boshpana qariyb 1000 akr (taxminan 400 gektar) hududni egallaydi, qulay uylar va o‘z veterinariya klinikasiga ega, yaqin kelajakda esa Los-Anjeles, Nyu-York va Toronto shaharlarida “asrab olish markazlari” ochilib, hayvonlarga yangi egalari topilishiga yordam beriladi. Bu xabar, ayniqsa, Facebook’da ommalashib, yuzlab va minglab repostlar yig‘gan, shuningdek “VKontakte” ijtimoiy tarmog‘ida ham tarqalgan.
Kianu Rivz odatda yopiq turmush tarzini olib boradi. Uning ijtimoiy tarmoqlarda tasdiqlangan va ommaga mashhur sahifalari yo‘q, u kamdan-kam intervyu beradi va filmlarini targ‘ib qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan tadbirlarda deyarli ko‘rinmaydi. Shunga qaramay, aktyorning hayvonlarni yaxshi ko‘rishi ma’lum. Masalan, 2013-yilda Reddit’dagi “Mendan xohlagan narsangni so‘ra” (Ask Me Anything) sessiyasi chog‘ida undan mushuklarni ko‘proq yoqtiradimi yoki itlarni, deb so‘rashgan. Rivz esa: “Ba’zan mushuklarni, ba’zan itlarni — hammasi aniq mushuk yoki itga bog‘liq”, deb javob bergan. 2019-yilda esa u BuzzFeed’ning YouTube kanali uchun suratga olingan videoda AQShdagi boshpanalardan birini qo‘llab-quvvatlab, uning bir nechta jonivorlari qurshovida qisqa intervyu bergan.

Rivz go‘yoki Kaliforniyada ishga tushirgan xayriya megaloihasi haqidagi postlar odatda aktyor boshpana ochilishida lenta kesayotgan surat bilan birga tarqatilgan. Biroq bu tasvir sun’iy ko‘rinadi. Xususan, boshpana kiraverishidagi va aktyor qo‘lidagi kartondagi yozuvlar fotomontaj yoki sun’iy intellekt yordamida tayyorlangandek taassurot uyg‘otadi. Tasvirni Gemini chat-boti orqali tahlil qilish natijasida unda SynthID raqamli suv belgisi mavjudligi aniqlangan. Bu esa rasm Google’ning sun’iy intellekt mahsulotlaridan biri yordamida “to‘liq yoki katta darajada” yaratilganini anglatadi.
Matndagi ayrim belgilar, masalan akr birligining qo‘llanilishi, virusli postlar ingliz tilidan tarjima qilinganini ko‘rsatadi. Haqiqatan ham, Kianu Rivz boshpana ochgani haqidagi xabarlar avval ingliz tilidagi ijtimoiy tarmoqlarda paydo bo‘lgan, keyin rus tiliga o‘tgani kuzatiladi. Shu bilan birga, «Проверено» ushbu voqea haqida nufuzli ommaviy axborot vositalarida biror maqola topa olmadi. Holbuki, ixtisoslashgan nashrlar Rivzning ommaviy chiqishlari, hatto paparatsilar olgan oddiy suratlarini ham muntazam yoritib boradi.
«Проверено»ning aniqlashicha, Arch Haven Animal Sanctuary boshpanasi haqidagi eng dastlabki post 1-dekabr kuni Facebook’dagi Go Awesome Animals sahifasida e’lon qilingan. Bu sahifa qariyb 800 ming obunachiga ega bo‘lgan yirik blog bo‘lib, unda hayvonlar haqidagi ta’sirchan hikoyalar bilan birga sun’iy intellekt asosidagi klikbeyt kontent ham tez-tez uchraydi. E’tiborlisi, 9-dekabr kuni shu sahifada Rivz boshpana ochgani haqidagi yana bir post joylashtirilgan, biroq bu safar boshqa (yana sun’iy yaratilgan) rasm ishlatilgan. Bundan tashqari, muassasaning nomi biroz boshqacha bo‘lgan va u endi Kaliforniyada emas, Texasda joylashgani aytilgan.
Shunday qilib, Kianu Rivz 100 million dollarlik hayvonlar boshpanasini ochmagan. Bu haqdagi xabar ilk bor Facebook’dagi, muntazam ravishda klikbeyt materiallar e’lon qiluvchi blogda paydo bo‘lgan va nufuzli manbalar tomonidan tasdiqlanmagan. Virusli postlarga ilova qilingan va loyihaning ishga tushirilganini “isbotlovchi” tasvir esa sun’iy intellekt yordamida yaratilgan.
