Feyk

Yaponiyada bolalar emlanishi bekor qilingan va shundan keyin o‘lim keskin kamayganmi? – Snopes faktcheki

Internetda 1994-yilda Yaponiya ikki yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun emlashni bekor qilgani va shu tufayli bolalar o‘limi darajasi 96 foizga kamaygani haqida ma’lumotlar tarqalmoqda. Snopes faktchekerlari mazkur da’volarni tekshirib, ularning haqiqatga mos kelmasligini aniqladi.

Yaponiya hech qachon ikki yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlashni to‘xtatmagan. Aksincha, mamlakat ko‘rsatkichlari dunyodagi eng yuqori darajalardan biri hisoblanadi. Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, 2021-yilda qizamiqqa qarshi emlash qamrovi 95 foizni, difteriya, qoqshol va ko‘kyo‘talga qarshi emlash darajasi esa 99 foizni tashkil etgan. UNICEF statistikalariga ko‘ra, pnevmokokk infeksiyasiga qarshi emlash qamrovi ham 2011–2023- yillar davomida 95–99 foiz oralig‘ida bo‘lgan.

Bolalar o‘limi haqidagi raqamlar ham da’volarni rad etadi. 1994-yilda Yaponiyada bir yoshgacha bo‘lgan bolalar o‘limi 1000 tirik tug‘ilgan bolaga 4,25 holatni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 1,77 taga tushgan. Bu boradagi pasayish emlashning to‘xtatilgani bilan emas, sog‘liqni saqlash tizimidagi yaxshilanishlar bilan izohlanadi. 1996-yildan boshlangan xavfsiz uyqu bo‘yicha milliy kampaniya, shuningdek, tibbiy xizmatlardan qulayroq foydalanish imkoniyati va aholi o‘rtasida sog‘lom ovqatlanishning targ‘ib qilinishi bolalar o‘limini kamaytirishga sezilarli ta’sir ko‘rsatgan.

1994-yilda Yaponiyada bolalarni emlash bekor qilinmagan. Faqat emlashlarning huquqiy maqomi o‘zgartirilib, majburiydan tavsiya etiladigan turga o‘tkazilgan. Shunga qaramay, mamlakat sog‘liqni saqlash tizimi bolalar emlashining milliy tavsiya etilgan jadvaliga qat’iy amal qiladi. Tavsiya etilgan jadval bo‘yicha ayrim vaksinalar tug‘ilgan zahoti, boshqalari ikki oyligidan boshlab qo‘llanadi. Yaponiyada ota-onalarni jadvalga amal qilishga rag‘batlantiruvchi tizim mavjud: tavsiya qilingan tartibda emlashdan o‘tilsa, xarajatlar davlat tomonidan qoplanadi, aks holda xarajatni ota-onaning o‘zi to‘lashi kerak bo‘ladi.

Snopes aniqlaganidek, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilayotgan da’volar mavjud statistik ma’lumotlar va tarixiy faktlarga zid. Yaponiyada emlash bekor qilinmagan, emlash qamrovi yuqori, bolalar o‘limining kamayishi esa butunlay boshqa omillar bilan bog‘liq.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.