Feyk

“OIV-bananlar” yoki ijtimoiy tarmoqlardagi feyklar haqida

Ijtimoiy tarmoqlarda hamda Telegram messenjerida OIV (odam immunitet tanqisligi virusi) yuqtirilgan banan va mandarinlar savdoga chiqarilgani haqidagi ogohlantiruvchi postlar keng tarqalmoqda. Ayrim xabarlarda mevalar ichiga “zararlangan qon” yuborilgani, ularni iste’mol qilish sog‘liq uchun xavfli ekani aytiladi. Bu turdagi xabarlar foydalanuvchilar orasida xavotir uyg‘otgan.

Factcheck.uz ushbu da’volarning qanchalik haqiqatga mosligini o‘rganib chiqdi.

Da’vo nimadan iborat?

Tarqalgan postlarga ko‘ra:

  • sotuvda OIV bilan kasallangan odamlarning qoni yuborilgan banan va mandarinlar mavjud;
  • ayrim videolarda go‘yoki mandarin yoki bananning ichidan qon chiqayotgani aks ettirilgan;
  • bunday mevalarni iste’mol qilish orqali OIV yuqishi mumkin.

Shu kabi ogohlantirishlar nafaqat O‘zbekistonda, balki yil boshida Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Rossiyada ham tarqalgan.

Ilgari qayd etilgan holatlar bormi?

Ochiq manbalar, sog‘liqni saqlash tashkilotlari va tibbiy kuzatuvlarga ko‘ra, mevalarni iste’mol qilish orqali OIV yuqqan birorta ham holat qayd etilmagan. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) va boshqa xalqaro tibbiy manbalar OIV virusi faqat ma’lum sharoitlarda – asosan qon orqali, himoyasiz jinsiy aloqa yoki ona suti orqali yuqishini qayd etadi. Ovqat hazm qilish yo‘li orqali virus yuqishi ilmiy jihatdan tasdiqlanmagan.

“Mevadan chiqqan qizil suyuqlik” nima bo‘lishi mumkin?

Biolog olim Baxtiyor Sheraliyev bu holatga quyidagicha izoh beradi:

“Banandan qon chiqishi mumkinmi? Qon emas, balki unga o‘xshash qizil suyuqlik yoki qizil massa chiqishi mumkin. Bu ulardagi mikrospora, zamburug‘ kasalligi yoki muko-bakterial kasalliklardan kelib chiqadi. Tropik o‘lkalarda bananlarda uchraydigan asosiy kasalliklar shular bo‘lib, banan yetishtirish va yetkazib berish bilan shug‘ullanuvchi mutaxassislar buni yaxshi biladi. Bu qon emas. Bunday bananni iste’mol qilish tavsiya etilmaydi, ammo bu OIV bilan bog‘liq emas”.

Mutaxassis, shuningdek, banan ichiga ataylab qon yuborilishi haqidagi iddaoni ham mantiqsiz, deya baholaydi:

“Bananning ichiga rostdan ham qon yuborishadimi? Albatta yo‘q. Avvalo, shuncha qonni qayerdan olish mumkin? Hatto shunday bo‘lgan taqdirda ham OIV yuqmaydi, chunki tibbiyot tarixida OIV oshqozon-ichak trakti, ya’ni ovqat hazm qilish yo‘li orqali yuqmagan”.

Xulosa qilib aytganda, mevalarga OIV yuqtirilgani haqidagi da’volar ilmiy va tibbiy dalillar bilan tasdiqlanmagan. Mevalar ichida uchrashi mumkin bo‘lgan qizil rangli suyuqlik yoki massa qon emas, balki mevaning kasallangan yoki buzilganidan dalolat beruvchi holat bo‘lib, u OIV bilan hech qanday bog‘liqlikka ega emas.

OIV ovqat orqali, jumladan meva iste’moli orqali yuqmaydi. Mutaxassislar bunday ogohlantiruvchi postlarning ijtimoiy tarmoqlarda tarqalishini ayrim mualliflarning e’tibor jalb qilish yoki moliyaviy foyda orttirishga bo‘lgan urinishlari bilan izohlamoqda. Shundan kelib chiqib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan “OIV yuqtirilgan banan va mandarinlar” haqidagi xabarlar feyk hisoblanadi.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.