Feyk

“Garri Potter va La’natlangan bola” filmi chiqadimi yoki bu ham feykmi?

So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Garri Potter va La’natlangan bola” nomli yangi film chiqayotgani haqidagi xabarlar faol tarqalmoqda. Instagram’da joylangan postlarda (ulardan biri: havolada) Garri Potterning Sehrgarlar vazirligida ishlashi, uch farzandning otasi ekani va o‘g‘li Albus bilan bog‘liq murakkab munosabatlar fonida sehrli dunyo taqdiri xavf ostida qolgani tasvirlanadi. Biroq ushbu ma’lumotlar kinomanlar va muxlislar orasida katta qiziqish uyg‘otganiga qaramay, haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi.

Mazkur “syujet” yangi film uchun yaratilmagan. U 2016-yilda sahnalashtirilgan “Harry Potter and the Cursed Child”, ya’ni “Garri Potter va La’natlangan bola” nomli teatr asariga asoslangan. Muhimi shundaki, bu asar hech qachon film sifatida ishlanmagan va hozircha bunday reja haqida hech qanday rasmiy ma’lumot yo‘q. Asar AQSh, Buyuk Britaniya va boshqa bir qator davlatlarda faqat teatr sahnasida namoyish etilgan.

Screenshot 2025 12 07 at 02 50 09

Ko‘pchilik ushbu hikoyani J.K. Rouling tomonidan yozilgan yangi roman yoki ssenariy sifatida noto‘g‘ri qabul qilmoqda. Aslida esa Rouling bu loyihaning to‘liq muallifi emas. Teatr pyesasining ssenariysi dramaturg Jek Torn tomonidan yozilgan, Rouling esa faqat syujet hammualliflaridan biri sifatida ko‘rsatiladi. Bu esa uni Garri Potter kitoblarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri davomi deb qabul qilishga asos bermaydi.

Agar “Garri Potter va La’natlangan bola” filmi haqiqatan suratga olinayotganida, bu haqda Warner Bros. yoki franchayzingning rasmiy platformalari tomonidan aniq bayonot berilgan bo‘lardi.

Shu bilan birga, Garri Potter olamida mutlaqo boshqa loyiha rasman tasdiqlangan. HBO tomonidan ishlab chiqilayotgan serial J.K. Roulingning original yetti kitobi asosida qayta ekranizatsiya qilinadi. Ushbu serial “La’natlangan bola” syujeti bilan bog‘liq emas va alohida loyiha hisoblanadi.

Bunday feyk xabarlarning tez tarqalishiga nostalgiyaga boy mazmun, muxlislarning kuchli qiziqishi va sun’iy intellekt yordamida yozilgan ishonchli ko‘rinishdagi matnlar sabab bo‘lmoqda. Ayrim sahifalar esa ko‘rishlar, layklar va obunachilar sonini oshirish maqsadida tekshirilmagan ma’lumotlarni qasddan tarqatmoqda.

Xulosa qilib aytganda, “Garri Potter va La’natlangan bola” nomli yangi film chiqayotgani haqidagi xabarlar asossiz va feykdir. Hozircha bu nom ostida hech qanday kino loyihasi tasdiqlanmagan.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.