Feyk

Zelenskiy amerikalik aktyor Bill Kosbidan 29 million dollarlik qasr sotib oldimi?

2025-yil dekabr oyida ijtimoiy tarmoqlar va ommaviy axborot vositalarida Ukrainа prezidentining AQShda jinsiy zo‘ravonlikda ayblangan komik Bil Kosbidan ko‘chmas mulk sotib olgani haqidagi xabar tez tarqaldi.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy amerikalik aktyor Bill Kosbining uyini sotib olgan degan postlar rus tilidagi internet segmentida 3-dekabr kuni tarqaldi. Masalan, “Putin v Telegram” kanali (bu tahlil yozilayotgan paytda 147 ming ko‘rilgan) xabarni quyidagicha qayta bayon qilgan: “Kosbi sentyabr oyida 29 million dollarga sotuvga qo‘ygan qasrini Zelenskiy Film Heritage Inc. offshori orqali atigi bir oy ichida, oktyabr oxirida sotib oldi. Bu voqea Ukraina prezidentining yaqin do‘stlari ishtirokidagi 100 million dollarlik korruptsiya mojaroidan sal oldin sodir bo‘lgan. New York Post xabariga ko‘ra, 60 ga yaqin ayol tomonidan zo‘rlashda ayblangan Kosbi ipoteka to‘lovlarini qoplay olmagani sabab uyini sotishga majbur bo‘lgan. Qizig‘i shundaki, bu uy qarshisida bolalar savdosi bilan shug‘ullanganlikda ayblanib qamoqda o‘z joniga qasd qilgan moliyachi Jeffri Epstaynning sobiq qarorgohi joylashgan”. Postga qisqa video ham ilova qilingan.

TGStat ma’lumotiga ko‘ra, bunday mazmundagi 140 dan ortiq post Telegram’da tarqalib, umumiy hisobda qariyb 1,1 million ko‘rildi. Kosbi qasrini Zelenskiy sotib olgani haqida “Nablyudatel” (152 ming), “Rossiya seychas” (140 ming), “Oleg Tsaryov” (87 ming), “Kirill Fyodorov / Voyna istoriya orujiye” (85 ming), “Vypuskayte Krakena Z!” (68 ming) kabi kanallar ham yozgan. Xabar Rossiya va Belarus OAVlarida ham tarqaldi. Ular Telegram-kanallardan farqli ravishda Page Six nashriga havola bergan. Shu mazmundagi postlar “VKontakte” va “Odnoklassniki”da ham uchraydi.

Ko‘plab postlarda bir yarim daqiqalik inglizcha video ham tarqatilgan. Rolikda New York Post tabloidiga qarashli mashhur Page Six brendining grafika elementlari ishlatilgan. Internetda tarqalgan video ruscha subtitrlar bilan tarqatilgan bo‘lib, unda quyidagilar aytiladi:

“Bill Kosbining Nyu-York markazidagi hashamatli qarorgohi sotuvga qo‘yilganidan atigi bir oy o‘tib, 29 million dollarga sotildi. Vladimir Zelenskiy bu uyni Film Heritage Inc. offshori orqali sotib oldi (bu kompaniya 2019-yilgacha Zelenskiyga tegishli bo‘lgan, Ukraina prezidentlik saylovi sabab ulushini rafiqasiga topshirgan. – tahr.). Yakuniy narx noma’lum bo‘lsa-da, bitim Kosbi va uning rafiqasi Kamilla uchun murakkab moliyaviy davrning tugashini anglatadi. Qarorgohning sotib olinishi Zelenskiy ma’muriyati atrofidagi 100 million dollarlik korruptsiya mojarosi bilan bir vaqtda sodir bo‘lgan. Uning bir nechta yaqin ittifoqchilari davlat mablag‘larini o‘g‘irlashda ayblangan.

Kosbilar shu yil 17,5 million dollarlik to‘lov majburiyatlarini bajarmaslikda ayblanishgan (bu 2024-yil oxirida sodir bo‘lgan. – tahr.). 60 ayol tomonidan zo‘rlashda ayblangan Kosbi xarajatlarni qoplash uchun uyini sotdi (2021-yilda sud hukmini bekor qilgani bois u qariyb uch yillik qamoqdan ozod etilgan. – tahr.). Kosbilar 2024-yil iyunidan boshlab ipoteka to‘lovlarini to‘xtatgan. Uyning ro‘parasida Jeffri Epstaynning sobiq qarorgohi joylashgan bo‘lib, u 2021-yilda 51 million dollarga sotilgan.

Korruptsiya mojarosiga aralashgan Ukraina prezidentining ushbu xaridi Manxettenda allaqachon obro‘sizlanib qolgan bu mulkka yana salbiy fon qo‘shmoqda. Ukraina prezidentining vakillari hozircha bu xaridni izohlamadi.

Biroq “Page Six Headlines” deb tanitilgan bu video asl Page Six materiallariga to‘g‘ri kelmaydi. “Provereno” jamoasi nashrning ijtimoiy tarmoqlarini, jumladan YouTube kanalini ko‘rib chiqdi va bu videoning u yerda joylashtirilmaganini aniqladi. Bundan tashqari, videoning dizayni haqiqiy Page Six chiqaradigan roliklardan biroz farq qiladi. Masalan, haqiqiy videolarda boshlanishda Page Six logotipi chiqadi, tarqalgan videoda esa yo‘q. Shuningdek, unda suratlar manbalari ham keltirilmagan.

Orqa ovoz ham asl boshlovchining ovoziga o‘xshamaydi. “Provereno” ikkita sun’iy intellekt detektori orqali tahlil qilganida, Hiya tizimi ovozning 99 foiz ehtimol bilan neyron tarmoq tomonidan yaratilganini ko‘rsatgan, Hive esa 1,5 foiz ehtimol bilan baholagan.

Rus tilidagi OAVlar videoning o‘zi o‘rniga pagesix.now saytidagi xabarga havola bergan, go‘yoki bu Page Sixning asl sayti. Ammo Page Sixning rasmiy sayti boshqa – pagesix.com. Unda Zelenskiy Kosbi uyini sotib olgani haqida hech qanday maqola yo‘q. New York Post’da ham yo‘q. Pagesix.now esa soxta sayt bo‘lib, uning dizayni Page Six’ga o‘xshatib yaratilgan, ayrim linklar esa haqiqiy saytga olib boradi. Soxta sayt 27-noyabr kuni yaratilgan, Zelenskiy haqidagi maqola chiqarilishidan atigi bir necha kun oldin. Saytdagi maqolalarning ko‘pi, ehtimol, neyro tarmoq tomonidan yozilgan, chunki turli sahifalarda bir xil matnlar kichik o‘zgarishlar bilan takrorlanadi.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.