Soliq qo‘mitasi: “Yandex” hech qanday yashirin soliq imtiyozi olgani yo‘q
Ijtimoiy tarmoqlarda “Yandex yashirin soliq imtiyozi oldi” degan iddaolar tarqaldi. Soliq qo‘mitasi bu xabarlarni rad etib, korxona faoliyati bo‘yicha rasmiy izoh berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–sentabr oylarida xizmat ko‘rsatish sohasida eng ko‘p soliq to‘lagan 20 ta korxona qatorida “YandexGo UB” MChJ ham bor. Qo‘mita bu korxonaning qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchisi ekanini va uning 9 oylik daromadi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 45,5 foiz oshganini qayd etadi.
Shu bilan birga, “M market” marketpleysining mahalliy bozorga joriy etilishi sabab kompaniyaning xarajatlari ham keskin ko‘paygan. Soliq qo‘mitasi o‘tkazgan tahlilga ko‘ra, korxona xarajatlarining daromaddagi ulushi o‘tgan yilga nisbatan 51,1 foizga oshgan.
Aynan xarajatlarning o‘sishi natijasida 2024 yilning 9 oyiga solishtirganda kompaniyaning umumiy soliq to‘lovlari 14,3 mlrd so‘mga, foyda solig‘i bo‘yicha to‘lovlari esa 24,1 mlrd so‘mga kamaygan.
Qo‘mita ma’lumotlari shuni ko‘rsatadiki, soliq tushumlaridagi kamayish imtiyoz berilgani uchun emas, balki korxonaning xarajatlar strukturasidagi o‘zgarishlar bilan bog‘liq.
