Feyk

Feyk: Parijda Brijit Makronning shaxsiy shifokori o‘lik holda topildi, u “birinchi xonim sirlarini oshkor qilmoqchi edi” degan yolg‘on tarqatildi

Fransiyada tarqalgan bu xabar va videoreportaj aslida rossiyalik targ‘ibotchilar tomonidan yaratilgan feyk “media” orqali tarqatilgan. Hech bir ishonchli axborot manbasi bu voqea haqida yozmagan.

Internetda Fransiya birinchi xonimi Brijit Makronning shaxsiy jarrohi go‘yoki Parijda o‘lik holda topilgani haqida xabarlar tarqaldi. Shifokorning yaqinlari uning o‘z joniga qasd qilishga moyil bo‘lmaganini aytishmoqda va uni o‘ldirishgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilishmoqda. Go‘yoki u matbuotga intervyu berib, Brijit Makron haqida “haqiqatni” – ya’ni u erkak sifatida tug‘ilgani va jinsini o‘zgartirgani haqida gapirmoqchi bo‘lgan. Bu xabar nafaqat rus, balki ingliz, fransuz, ispan, yunon, serb va boshqa tillarda ham tarqalgan.

Xabarlar tayanayotgan “nashr” aslida mavjud emas. UrlVoid ma’lumotiga ko‘ra, Enquete Du Jour deb nomlangan sayt 2025-yil 25-iyun kuni, ya’ni xabarlar tarqalishidan atigi bir necha kun oldin ochilgan. Saytga fransuz tilidagi turli mavzulardagi kontent joylashtirilgan bo‘lib, bu unga ishonchli ko‘rinish berish maqsadida qilingan. Ammo bu sayt domeni Fransiyada emas, Germaniyaning Frankfurt shahri orqali ro‘yxatdan o‘tgan.

unnamed

Xabarning ostida jurnalist Odri Parmentening ismi va surati bor. Haqiqatan ham Fransiyada shu ismli jurnalist bor va u migratsiya va pop-madaniyat mavzularida ishlaydi. Ammo u hech qachon Enquete Du Jour bilan hamkorlik qilmagan va Brijit Makron haqida maqola yozmaganini X (Twitter) sahifasida ma’lum qilgan. U OAVga quyidagicha izoh bergan:

“Bu juda dahshatli. Men mart oyidan beri ushbu soxta sayt uchun maqola yozayotganimni endi bildim. O‘z ismingiz va suratlaringiz fitna nazariyalari bilan bog‘langanini ko‘rish — bu juda bezovta holat. Men jurnalistman, bu kontentga umuman aloqam yo‘q”.

Saytdagi boshqa maqolalar ham haqiqiy fransuz jurnalistlarining nomidan berilgan, ammo bu jurnalistlarning hech biri bu maqolalarni yozmagan. Ayrimlar bu soxta ma’lumot uchun sudga murojaat qilmoqchi. Bundan tashqari, Fransiyada Fransua Fevr ismli shifokor ishlaganiga oid hech qanday dalil yo‘q. Maqolada keltirilgan suratni esa internetda topib bo‘lmaydi — u katta ehtimol bilan sun’iy intellekt orqali yaratilgan.

Bu Brijit Makronga qarshi propagandistik kampaniya “transvestigatsiya” deb ataluvchi fitna nazariyasining namunasidir — ya’ni taniqli shaxslar jinsini o‘zgartirgan, deb yolg‘on da’vo qilish. 2024-yilda Brijit Makron aslida uning ukasi Jan-Mishel degan yolg‘onni tarqatgan ikki ayol tuhmatda aybdor deb topilgan edi. Ushbu nazariya radikal va fitnaga moyil doiralarda ommalashgan bo‘lsa-da, Brijit Makronning birinchi turmushidan uch farzandi borligi buni inkor etadi.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.