Haqiqatan ham kislorodli kokteyllar foydalimi?
Aytishlaricha, bu ichimlik organizmni kislorod bilan boyitadi va sog‘liqqa foydali. Aslida bu da’vo ilmiy tadqiqotlar bilan tasdiqlanganmi?
Tibbiyot markazlari va sanatoriylar saytlarida bu haqda tez-tez yoziladi, ommaviy axborot vositalarida esa hatto bolalar bog‘chalarida tarbiyalanuvchilarga kislorodli kokteyllar tayyorlanayotgani haqida hikoya qilinadi. Biroq ba’zi manbalar bu ichimlikning foydasini tilga olar ekan, uning mumkin bo‘lgan salbiy tomonlarini ham eslatib o‘tadi. Ayrim mutaxassislar esa bu ichimliklar hech qanday foyda bermasligini ta’kidlaydi. Masalan, mashhur bolalar shifokori Yevgeniy Komarovskiy quyidagicha izohlaydi:
«Bu kokteyllar faqat ota-onalar uchun «farzandlarimiz uchun hamma narsani qildik, hech narsadan qochmadik», deb o’zlarini tinchlantirishi uchun yaxshi bahona».
Kislorodli kokteyl — bu 80–90 foiz kisloroddan tashkil topgan, qalin ko‘pik shaklidagi ichimlik bo‘lib, uni ichish yoki qoshiq bilan yeyish mumkin. Uning tarkibiga kisloroddan tashqari, ta’m beruvchi asos (sharbat, mors, sut, sirop yoki giyoh damlamasi), ko‘pik hosil qiluvchi modda (odatda quritilgan tuxum oqi, allergiyasi borlar uchun esa qand lavlagi ildizi ekstrakti), olma pektini, shakar va askorbin kislotasi kiradi.
Bu ichimlik 1963-yilda sovet fiziologi Nikolay Sirotinin tomonidan ixtiro qilingan. U gipoksiya — ya’ni hujayralarga kislorod yetib bormasligi holatini o‘rganar ekan, davolash usuli sifatida kislorodni oshqozon-ichak tizimi orqali yuborish (ilmiy adabiyotlarda bu “intragastral kislorod terapiyasi” deb yuritiladi) usulini sinab ko‘rdi. Dastlab kislorodni zond orqali oshqozonga yuborishga uringan, ammo bu usul bemorlar uchun og‘riqli bo‘lgani sababli, u kislorodli ko‘pikni og‘iz orqali iste’mol qilishni taklif etdi. Keyinchalik bu ichimlikka lazzat qo‘shuvchi modda ham qo‘shildi va kislorodli kokteyllar sanatoriy dasturlarining doimiy qismiga aylandi. Biroq, bu ichimliklar sobiq SSSRdan tashqarida na dori sifatida, na sog‘lomlashtiruvchi vosita sifatida tarqalmagan.
Zamonaviy tibbiyot uchun o‘pka ishtirokisiz organizmni kislorod bilan ta’minlash dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Biroq, oshqozon bu borada istiqbolli organ deb hisoblanmaydi. Ingliz tilidagi ilmiy maqolalar bazalarida bu mavzuga oid maqolalar deyarli yo‘q — faqat rus manbalarining tarjimalari yoki 50 yildan ortiq vaqt avval yozilgan maqolalar mavjud. Ularning xulosasiga ko‘ra, oshqozon kislorodni yetarlicha o‘zlashtira olmaydi. Masalan, 1963-yilda chop etilgan maqolada hatto yangi tug‘ilgan chaqaloqlarda intragastral kislorod terapiyasi xavfli bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.
Hozirgi rus tilidagi tadqiqotlarning ko‘pchiligiga esa savollar tug‘iladi. Masalan, 2019-yilda Kabardino-Balkariya davlat universitetida astma bilan kasallangan bemorlarda kislorodli terapiya samarasi o‘rganilgan. Biroq, maqolada kislorod qanday usulda oshqozonga yuborilgani ko‘rsatilmagan, ishtirokchilar guruhlarga ajratilmagan, har ikki terapiya bir vaqtning o‘zida qo‘llanilgan va natijalari yuzasidan chuqur tahlil berilmagan. 2014-yilda chop etilgan boshqa tadqiqotda esa kislorodli kokteyllar bilan davolangan va davolanmagan guruhlar solishtirilgan, biroq foydalilik mezoni sifatida xalqaro kasalliklar tasnifida mavjud bo‘lmagan «vegetativ disfunktsiya» holati olingan. 2007-yilda Rossiya pediatriya sog‘liqni saqlash markazi tomonidan chop etilgan maqolada esa hattoki uyda kislorodli kokteyl tayyorlash uchun kerakli asbob-uskunaning reklamasiga ham o‘rin berilgan.
Shunga qaramay, ayrim jiddiy tadqiqotlar ham mavjud. Masalan, 2022-yilda Almazov nomidagi ilmiy markaz mutaxassislari ichakda anaerob muhitda yashovchi Clostridioides difficile bakteriyasini kislorod orqali bartaraf etishga muvaffaq bo‘lgan. Ammo bu holda gap gaz holatidagi kislorodni ichakka zond orqali yuborish haqida ketmoqda — bu kislorodli kokteyllarga aloqador emas. Xuddi shunday holat og‘ir gripp bilan og‘rigan ayolda ham kuzatilgan. 2014-yilda o‘sha markaz olimlari 34 nafar og‘ir ahvoldagi bemorlar tahlilini o‘rgangan, natijada kislorod ichakka yuborilganda simptomlar kamaygani, oshqozonga yuborilganda esa deyarli hech qanday foyda bo‘lmaganini aniqlashgan.
Bu xulosalarni 2021-yilda yapon olimlari ham tasdiqlagan. COVID-19 pandemiyasi davrida sun’iy nafas oldirish apparatlarining yetishmasligi sababli ular ichak orqali nafas olish imkoniyatlarini o‘rgangan. Buning uchun ular kislorodni anal teshik orqali gaz holida va suyuq kislorod tashuvchi modda shaklida hayvonlarga yuborishgan. Suyuq shakli ancha samarali bo‘lgan va hayvonlarda nafas olish jarayoni tiklangan. Biroq bu usullar hali insonlar uchun ommaviy amaliyotga joriy etilmagan.
Xulosa: kislorodli kokteyllarning foydasi ilmiy jihatdan tasdiqlanmagan. Jahon ilmiy hamjamiyati oshqozonga kislorod yuborishni samarasiz deb biladi. Qisqacha aytganda, agar kislorodli ko‘piklar haqiqatan ham gipoksiya (kislorod tanqisligi)ga qarshi samarali vosita bo‘lsa, uni oshqozonga emas, ichakka yuborish kerak bo‘lardi.
