Inson miyasining atigi 10 foizini ishlatadimi?
«Odam miyasining faqat 10 foizini ishlatadi» degan gap — fan tomonidan rad etilgan mif. Miyaning barcha qismlari ishlaydi, faqat hammasi bir vaqtning o‘zida faol bo‘lmaydi. Bu haqda Live Science, BBC Science Focus va Britaniya psixologik jamiyatining The Psychologist jurnali yozgan.
Da’vo
Motivatsion postlar, «tez o‘qish» kurslari reklamasi va filmlarda qolgan 90 foizni «uyg‘otsangiz», g‘ayrioddiy qobiliyatlarga ega bo‘lasiz, deyiladi.
Olimlar nima deydi?
Garvard universiteti nevrologi Erin Hekt Live Science’ga bergan izohida biz doimo butun miyamizdan foydalanamiz, degan. Olimlar uchta asosiy dalil keltiradi:
- Miya shikastlanishi. Agar miyaning 90 foizi ishlamaganida, uning katta qismi shikastlanganda hech narsa o‘zgarmas edi. Aslida miyaning deyarli har qanday qismi zararlansa, biror qobiliyat yo‘qoladi.
- Energiya sarfi. Miya tana vaznining taxminan 2 foizini tashkil etadi, lekin tana energiyasining qariyb 20 foizini sarflaydi. Evolyutsiya bunday «qimmat» a’zoning 90 foizini bekor saqlamas edi.
- Miya tasvirlari. Tekshiruvlar miyaning deyarli barcha qismlari kun davomida qaysidir vaqtda faol bo‘lishini ko‘rsatadi.
Mif qayerdan chiqqan?
Ehtimol, psixolog Uilyam Jeymsning «odamlar o‘z imkoniyatlarining ozginasidan foydalanadi» degan fikri keyinchalik «miyaning 10 foizi» deb buzib talqin qilingan. 1936-yilda Deyl Karnegining mashhur kitobi so‘zboshisida aynan 10 foiz raqami paydo bo‘lgan.
Nega bu muhim?
Bu mif miyani «to‘liq ochadigan» dori, trening va qurilmalar sotuvchilari uchun qulay bahona bo‘ladi. Bunday reklamalarga ehtiyot bo‘ling.
