GlobalFact 2027: dunyo faktcheklari Belgiyaning Antverpen shahrida yig‘iladi
Xalqaro faktcheking tarmog‘i (IFCN) 17-sentabr kuni dunyo faktcheklarining eng yirik yillik anjumani — GlobalFact’ning 14-anjumani 2027-yilda Belgiyaning Antverpen shahrida o‘tishini e’lon qildi.
Anjumanni IFCN Yevropa faktcheking standartlari tarmog‘i (EFCSN) bilan birgalikda tashkil etadi. Antverpenni mezbon sifatida taklif qilgan tashabbusga Lead Stories faktcheking loyihasi boshchilik qilgan. Belgiya jamoat teleradiokompaniyasi VRT media hamkor bo‘ladi, deCheckers notijorat tashkiloti esa ko‘ngillilar ishini muvofiqlashtiradi. IFCN va EFCSN GlobalFact’ni ketma-ket ikkinchi yil birga o‘tkazmoqda: 2026-yilgi anjuman Litvaning Vilnyus shahrida bo‘lib o‘tgan edi.
Tashkilotchilarning aytishicha, 2027-yilgi anjuman Sharqiy Yevropa va Yaqin Sharqdagi harbiy mojarolar, sun’iy intellekt ta’siri hamda chegaralararo firibgarlikning oldini olish kabi mavzularga bag‘ishlanadi. Faktcheklar xavfsizligi va ruhiy salomatligi bo‘yicha alohida sessiyalar ham rejalashtirilgan.
Antverpen tanlanishiga sabablardan biri — shaharning Yevropa Ittifoqi institutlari joylashgan Bryusselga yaqinligi. Bundan tashqari, 570 ming aholisi bo‘lgan Antverpenda 170 dan ortiq millat vakillari yashaydi. Mezbonlar fikricha, bu yolg‘on da’volarning tillar va chegaralar osha qanday tarqalishini o‘rganish uchun qulay muhit.
Anjuman sanalari hali belgilanmagan va keyingi oylarda e’lon qilinadi. 2014-yildan beri GlobalFact’da 5 mingdan ortiq kishi ishtirok etgan.
Manba: Poynter / IFCN (17-sentabr)
