IFCN va Meta Kuzatuv kengashi: «Community Notes» professional faktchekingning o‘rnini bosa olmaydi
Xalqaro faktcheking tarmog‘i (IFCN) 9-sentabr kuni bayonot e’lon qilib, Meta’ning Lotin Amerikasida «Community Notes» tizimini sinash qaroridan jiddiy xavotirda ekanini bildirdi. Tarmoq fikricha, jamoatchilik izohlarining o‘zi zararli yolg‘on ma’lumotlar ta’sirini kamaytirish uchun yetarli emas, professional faktcheking esa mintaqada ham, butun dunyoda ham davom etishi kerak.
IFCN Meta’ning o‘z Kuzatuv kengashi (Oversight Board) olti oy avval bergan tavsiyasini eslatdi. Kengash inqiroz yoki mojaro holatidagi, muhim saylov arafasidagi, muvofiqlashtirilgan dezinformatsiya tarmoqlari faol bo‘lgan yoki jamiyati keskin qutblashgan mamlakatlarda bu tizimni joriy qilmaslikni maslahat bergan edi. IFCN’ning ta’kidlashicha, sinov ro‘yxatidagi ayrim davlatlar aynan shunday holatda: Nikaraguada saylovlar amalda bekor qilingan, Salvador va Ekvadorda dezinformatsiya tarmoqlari hujjatlashtirilgan, Venesuela esa uzoq vaqtdan beri beqarorlikda.
10-sentabr kuni Kuzatuv kengashi ham bayonot berib, Meta’ni «Community Notes»ni faktchekingning to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘rnini bosuvchi vosita deb hisoblamaslikka chaqirdi. Kengash fikricha, bu ikki vosita turli vazifani bajaradi, jamoatchilik izohlarining o‘zi ko‘pincha faktcheklar ishiga tayanadi va noto‘g‘ri qo‘llanilsa, real hayotda zarar keltirishi mumkin.
Mintaqadagi 47 ta tashkilotni birlashtirgan LatamChequea tarmog‘i ham «Community Notes» faktchekingni almashtirmasligi, balki to‘ldirishi kerakligini bildirdi. IFCN esa faktcheklar jamoatchilik izohlarini professional tekshiruv bilan uyg‘unlashtiradigan yangi yechimlar ustida Meta va boshqa texnologiya kompaniyalari bilan ishlashga tayyor ekanini ma’lum qildi.
Manbalar: Poynter / IFCN (9-sentabr); AFP / The Star (14-sentabr); BornCity (sentabr)
