Feyk

Neytral.uz’dan feyk: Bruklin muzeyida Falastin uchun norozilik namoyishi sun’iy intelektda qayta montaj qilingan

2024-yilning 30-may sanasida kechga yaqin Bruklin muzeyi Nyu-York shahridagi san’at muassasalarida hozirgacha bo‘lgan eng keskin G‘azo bilan birdamlik aksiyasiga sahna bo‘ldi.

O‘shanda 16:30da muzey lobbisida boshlangan aksiyada san’at sohasi vakillari va shahar fuqarolari bannerlar ko‘tarib, baraban va hushtak chalib, muzeyni G‘azodagi falastinliklarning o‘ldirilishini qoralashga hamda Isroil bilan moliyaviy aloqalarini oshkor qilib, ulardan voz kechishga chaqirishdi.

Muzey tashqarisida yuzlab odamlar ishtirokidagi yurish Bruklin markazidan boshlanib, muzey oldida yakunlandi. Ichkariga kiritilmagan namoyishchilar eshiklarga plakatlar yopishtirishdi, ba’zilar esa muzeyning tashqi ayvoniga, hatto shisha tomigacha ko‘tarilib, uning klassik arxitekturali gumbaziga “Falastinni genotsiddan ozod qilaylik” degan bannerni osishdi.

Lekin muzey tashqarisiga Instagramda paydo bo‘lgan videodagiday Eron oliy rahbari Ali Homanaiyning banneri osilmadi.

Copy-of-Simple-Zebra-Photo-World-Wildlife-Day-Instagram-Story-1

Factcheck.uz Internetdan namoyish vaqtida olingan video tasvirlar va suratlarni topdi. Ammo ularning hech birida «Supreme Leader» yozuvi bilan Homanaiyning banneri tasvirlanmagan. Neyrtal.uz Instagram sahifasiga joylashtirilganidan beri ushbu video 28 mingdan ortiq tomosha qilingan.

Tahrirlangan ushbu video aslida feyk bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarda “Falastin adolatini” qo‘llayotgan amerikalik talabalarga Homanaiy minnatdorchilik bildirgani haqidagi xabarlar ortidan tarqalgan va sun’iy intelekt orqali qayta montaj qilingan.

Ushbu video bir nechta alohida kliplardan iborat: unda Eron Oliy Rahbarining rasmi tushirilgan banner (“Oliy Rahbar” va “Rahmat, amerikalik yigit-qizlar!” degan yozuv bilan) tushirilayotgan lahza, arqon bilan tepadan tushayotgan odam va politsiyachilarning olomon ichiga shoshilinch kirib borayotgan sahnalari jamlangan. Videoning ustida qizil harflar bilan “Amerika xalqi Eronni qo‘llab-quvvatlamoqda” degan so‘zlar yozilgan.

Asl (tahrirlanmagan) videolar 2024-yil 31-may kuni Instagram’da joylashtirilgan. Birinchi video Nyu-Yorklik fotograf va rejissyor Adil Rahmon tomonidan e’lon qilingan bo‘lib, unda muzey fasadidagi gumbaz ustiga osilgan kichikroq banner ko‘rinadi, unda faqat “Free Palestine. Divest From Genocide” (Falastinni ozod qiling. Genotsiddan investitsiyani olib chiqing) degan yozuv bor.

Bruklin muzeyi ilgari ham Falastin tarafdorlari tomonidan tanqid ostiga olingan. 2024-yilning 8-dekabr kuni “Decolonize This Place” va “Within Our Lifetime” guruhlari bilan bog‘liq 20 ga yaqin faollar muzey lobbisida “oshkor et va investitsiyadan chiq” degan shiorlar ostida rejalashtirilmagan aksiya o‘tkazgan edi. Ertasi kuni esa yuzlab odamlar muzey oldida to‘planib, Bruklin ko‘prigi orqali City Hall’gacha yurish uyushtirgan. Har ikkala aksiya muzeyning Bank of New York Mellon bilan hamkorligiga norozilik bildirgan. Bu bank Isroilning Elbit Systems qurol-yarog‘ kompaniyasiga sarmoya kiritgan va Isroil mudofaa kuchlariga yordam beruvchi fondni qo‘llab-quvvatlagan. (Bank FT’ga bergan bayonotida bu investitsiyalar passiv indeks strategiyasi doirasida amalga oshirilganini bildirgan.)

Bundan tashqari, MoMA, Uhitni va Metropolitan san’at muzeylarida ham G‘azo bo‘yicha aksiyalar o‘tkazilgan. Ko‘plab san’at maktablarida — jumladan, Nyu-Yorkdagi Cooper Union va Rod-Aylenddagi Dizayn maktabida — talabalar, o‘qituvchilar va bitiruvchilar norozilik sifatida ish tashlash yoki binolarni egallash harakatlarini amalga oshirishgan.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.