Yevropada koronavirusning yangi shtammi tez sur’atda tarqalmoqda
Mutaxassislarning ogohlantirishicha, «Nimbus» deb nomlangan, juda yuqumli Omikron shtammining bir turi bo‘lib, iyun-iyul oylarida, turizm mavsumi boshlanishi bilan, kasalliklar to‘lqinini keltirib chiqarishi mumkin. Chunki grippdan farqli ravishda, koronavirus issiq ob-havoda ham tarqalaveradi.
Germaniyada bu shtamm mart oyi oxirida paydo bo‘lgan, may oyi boshiga kelib esa u mamlakatdagi barcha koronavirus holatlarining 16,7 foizini tashkil qilgan, deya xabar bermoqda Robert Kox instituti (RKI). Shunga qaramay, hozircha umumiy kasallanish darajasi past va xavotirga sabab bo‘layotgani yo‘q.
«The i Paper» nashrining yozishicha, Nimbus shtammining simptomlari odatiy COVID belgilariga o‘xshash: charchoq, isitma, mushaklarda og‘riq va tomoqning qattiq og‘rishi. Biroq bu shtamm boshqalarga qaraganda yuqumliroq va organizm himoya tizimini osonroq chetlab o‘tadi, deya tushuntirgan Uorvik universiteti virusologi Laurens Yang.
Shunga qaramay, mutaxassislar qayd etishicha, Nimbus bilan kasallanganlarda kasallik og‘irroq kechayotgani haqida hozircha hech qanday dalil yo‘q. Shuningdek, mavjud vaksinalar unga qarshi samarali bo‘lib qolmoqda.
