Factchecking

2026-yilda samolyotlarda tik turish uchun joylar paydo bo‘ladimi?

2025-yil may oyida OAV va Telegram kanallarida aviakompaniyalar kelasi yilda joriy etmoqchi bo‘lgan yangilik haqida xabarlar tarqaldi.

Aviakompaniyalar 2026-yilda samolyotlarning sig‘imini 20 foizga oshirish uchun yangi turdagi o‘rindiqlar – yo‘lovchi ko‘proq turgan holatda bo‘ladigan joylarni joriy etmoqchi, degan xabarlar Britaniyaning Daily Mail nashriga tayanib tarqatilmoqda. Xabarlarda “SkyRider 2.0” nomli yangi o‘rindiqlar egarga o‘xshashi va ikki soatgacha davom etadigan qisqa parvozlar uchun mo‘ljallangani aytiladi. Bu mavzuda RBK, Afisha Daily, Mail.ru, Vokrug sveta, UNIAN kabi nashrlar ham maqolalar e’lon qildi. Shuningdek, Telegram’ning yirik kanallarida millionlab ko‘rishlarga ega bo‘lgan postlar ham tarqaldi.

OAV va Telegram kanallari havola qilgan maqola Daily Mail’da 2025-yil 21-may kuni chop etilgan. Unda italiyalik Aviointeriors kompaniyasi tomonidan 15 yildan beri ishlab chiqilayotgan SkyRider o‘rindiqlari konsepsiyasi haqida so‘z boradi.

Samolyotlar uchun tik o‘rindiqlar g‘oyasi 2000-yillarning boshlaridan beri muhokama qilinmoqda. 2006-yilda The New York Times gazetasi Airbus kompaniyasi Osiyo aviakompaniyalariga “tik turgan salon” opsiyasini taklif qilganini yozgan, biroq bu loyiha qiziqish uyg‘otmagan. 2010-yilda Ryanair rahbari Maykl O’Liri samolyotlarga 10 qator tik joy o‘rnatish rejalari haqida gapirgan va bu joylar uchun chiptalar atigi 10 yevroga tushishini aytgan.

O‘sha yili ilk SkyRider konsepti taqdim etilgan. U ot egarga o‘xshagan va yaratuvchilarning fikricha, kovboylar kuniga sakkiz soat egarda yuradigan bo‘lsa, qisqa parvoz uchun yo‘lovchilar ham bu kabi joylarda o‘zlarini noqulay his qilmaydi. Aviointeriors keyinchalik loyihani takomillashtirib, 2018-yilda Gamburgdagi ko‘rgazmada SkyRider 2.0 versiyasini taqdim etgan. Aynan shu model haqida Daily Mail maqolasida so‘z boradi.

Maqolada bu o‘rindiqlar xavfsizlik talablariga javob berishi, testlardan o‘tgani va 2026-yilda lounkost avikompaniyalar tomonidan foydalanila boshlanishi aytiladi. Biroq maqola muallifi bu ma’lumot manbasini ko‘rsatmagan va qaysi aviakompaniyalar bu yangilikni joriy qilishi haqida aniq nom aytmagan. Faqatgina Ryanair rahbarining ilgari aytgan gaplarini keltirib o‘tgan. Ryanair esa bu da’volarni rad etgan. Aviointeriors ham o‘zining ijtimoiy tarmoqlarida quyidagicha izoh bergan:

“Ko‘pincha tayyor o‘rindiq ishlab chiqaruvchi bilan adashtiriladigan SkyRider aslida 2012-yilda yaratilgan kontseptual prototipdir. Bu orqali aviatsiya sanoatidagi joy va ergonomikani optimallashtirish masalasiga innovatsion yondashuv ko‘rsatmoqchi bo‘lganmiz. Hozirda SkyRider kompaniya mahsulotlar ro‘yxatiga kiritilmagan”.

Bundan tashqari, aviatsiya sohasi mutaxassislari bunday turdagi joylar amalda samolyotlarda paydo bo‘lishiga shubha bilan qaramoqda. Chunki ular Yevropa aviatsiya xavfsizligi agentligi (EASA) va AQSh Federal aviatsiya ma’muriyati (FAA) standartlariga mos kelmaydi. Bu standartlarga ko‘ra, ikki yoshga to‘lgan har bir yo‘lovchi uchun alohida, xavfsizlik kamariga ega o‘rindiq bo‘lishi kerak. Favqulodda holatlarda esa samolyotdagi barcha yo‘lovchilar 90 soniya ichida evakuatsiya qilinishi lozim. Yo‘lovchilar sonining ko‘payishi, ammo yo‘laklar va eshiklarning o‘sha holicha qolishi bu talabni bajara olmaslik xavfini tug‘diradi.

Xulosa qilib aytganda, tarqalgan xabarlarda aytilganidek, SkyRider o‘rindiqlari samolyotlarda 2026-yilda paydo bo‘lishi haqidagi ma’lumotlar asossiz. Bu – hali ishlab chiqarishga joriy qilinmagan eski dizayn-konsept bo‘lib, uni ishlab chiqargan Aviointeriors kompaniyasi bu loyihani faqat innovatsion g‘oya sifatida taqdim etganini, yaqin kelajakda real amaliyotda qo‘llanilmasligini rasman bildirgan.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.