Factchecking

Portugaliyada quyosh energiyasi bog‘ini qurish uchun 500 ta hayvon o‘ldirilgani rostmi?

2025-yil may oyining oxirida internetda yuzlab o‘lgan kiyiklar va boshqa hayvonlarning jasadlari tasvirlangan surat tarqaldi. Suratga izoh sifatida ularning yashil energetika bog‘i qurilishi uchun ajratilgan hududni tozalash vaqtida o‘ldirilgani aytilmoqda. «Provereno» bu ma’lumotning qanchalik to‘g‘ri ekanini aniqladi.

Ushbu dahshatli suratni va unga berilgan izohni «VKontakte», X (Twitter), Facebook, Telegram va boshqa ijtimoiy tarmoqlarda uchratish mumkin. Blog platformalarining foydalanuvchilari ham suratni ulashgan va hayvonlar himoyachilari hamda faollar bu voqeani e’tiborsiz qoldirganini ta’kidlab, hukumatni ikkiyuzlamachilikda ayblagan. Ayrim postlarda surat bilan birga noma’lum OAVning yangilik sarlavhasi ham keltirilgan.

Ammo «Provereno» nashri Portugaliyaning nufuzli yoki xalqaro OAVlarida quyosh energiyasi bog‘i quriladigan hududda yuzlab hayvonlarning o‘ldirilgani haqida yangi xabarlarni topa olmadi. Shunga qaramay, internetda tarqalgan skrinshot — haqiqat. Agar yangilik sarlavhasini izlasangiz, Portugal Resident nashrining maqolasini topasiz. Biroq skrinshotdagi sana maqola sanasi bilan to‘gri kelmadi  — u 2020-yil 22-dekabrda chop etilgan.

GZRYq-EMWMAACd-Yt

Ushbu maqolada bir hafta avval yuz bergan voqea haqida gap boradi — ijtimoiy tarmoqlarda ispan ovchilari guruhi joylagan suratlar «rekord darajadagi ov» deb taqdim etilgan. Hayvonlar Lissabon yaqinidagi Azambuja munitsipalitetidagi ov maydonida o‘ldirilgan. OAV xabar berishicha, bu ovni Ispaniyadan kelgan 16 nafar sayyoh uchun ispan kompaniyasi tashkil qilgan. Ba’zi nashrlar (jumladan, Portugal Resident) hayvonlar yashil energetika loyihasi uchun hududni tozalash maqsadida o‘ldirilgan bo‘lishi mumkinligini taxmin qilgan. Biroq ko‘pchilik mahalliy nashrlar bu oddiy sayyohlar uchun tashkil etilgan o‘yin-kulgi ov bo‘lganini aytgan.

Internetda tarqalayotgan bu xabar mualliflari maqola sanasini ataylab yashirgan. Holbuki, 2020-yil oxirida bu voqea jamoatchilikda katta rezonans uyg‘otgan, mahalliy va xorijiy OAVlar bu haqida yozgan. Portugaliya hayvonlar huquqini himoya qiluvchi partiyasi ovchilarni qoralagan va ekologiya vazirini ularni javobgarlikka tortishga chaqirgan. Portugaliya tabiat va o‘rmonlarni muhofaza qilish instituti (ICNF) bu ish bo‘yicha tekshiruv boshlagan. Hududda ov ruxsat etilgan bo‘lsa-da, yuzlab hayvonlarning qochib qutulish imkonisiz o‘ldirilgani ICNFni bu yerda ov litsenziyasini bekor qilishga undagan. Yer egalari esa bu darajadagi ovga ruxsat bermaganliklarini va eng ko‘p o‘zlari zarar ko‘rganini aytishgan. ICNF prokuraturaga shikoyat ham yuborgan. Atrof-muhit va iqlimni muhofaza qilish vaziri Joan Pedru Matush Fernandes ov siyosatini qayta ko‘rib chiqishni va’da qilgan.

Bir yil o‘tib, Publico nashri tergov qanday kechayotgani haqida maqola e’lon qilgan. Aniqlanishicha, aybdor shaxslarni aniqlashning imkoni bo‘lmagan. Shu maqolada Azambujada qurilishi rejalashtirilgan quyosh panellari haqida ham aytiladi. Publico ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha ishtirokchilari bu voqea bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini bildirgan. Qurilish jarayoni sekinlashgan, va faqat 2022-yil oxirida boshlanib, ikki yil ichida yakunlanishi rejalashtirilgan. Ammo bu maqola yozilgan paytda hali bog‘ foydalanishga topshirilmagan edi.

Xulosa qilib aytganda, ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xabar asosida tasvirlangan voqea haqiqatda bo‘lgan, lekin 2020-yil oxirida. Va hayvonlarning o‘ldirilgani yashil energetika bog‘i qurilishi bilan bog‘liq ekani haqida ishonchli dalillar yo‘q. Portugaliyalik jurnalistlar o‘shanda bunday bog‘liqlik ehtimolini bildirgan, ammo bu faqat taxmin edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, hayvonlarni Ispaniya kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan pulli ov chog‘ida o‘ldirishgan. Shuningdek, hayvonlar huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar va faollar bu voqeani e’tiborsiz qoldirgan degan da’vo ham yolg‘on — bu voqea 2020-yilda katta rezonans uyg‘otgan.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.