AQShda ViLE kiberjinoyatchi guruhi a’zolariga sud hukmi chiqarildi
AQShda kibermuhandislik va shantaj bilan shug‘ullangan ViLE nomli jinoyatchi guruhning ikki a’zosiga sud hukmi chiqarildi. Ular shaxsiy ma’lumotlarni noqonuniy olish, ularni sotish, tahdid qilish va bosim o‘tkazish kabi jinoyatlarda aybdor deb topildi. Ishdagi eng muhim voqealardan biri — federal va mahalliy huquqni muhofaza qilish organlari o‘zaro ma’lumot almashadigan himoyalangan portalga buzib kirish bo‘ldi.
Tergov davomida ViLE guruhining sxemasi aniq ishlab chiqilgani aniqlandi: ular odamlarning shaxsiy ma’lumotlarini — ijtimoiy sug‘urta raqami, haydovchilik guvohnomasi va yashash manziligacha topib, keyin ularni shantaj qilish bilan shug‘ullanishgan. Bu maqsadda ular soxta yuridik so‘rovnomalar, hujjatlar qalbakilashtirish, qo‘llab-quvvatlash markazlari operatorlarini chalg‘itish, kompaniyalar xodimlarini sotib olish, hatto yopiq ma’lumotlar bazasiga kirish usullarini qo‘llashgan. Ular o‘zlari boshqaradigan saytlar orqali ma’lumotlarni o‘chirib tashlash evaziga jabrlanuvchilardan pul talab qilishgan.
Eng jiddiy voqea — AQSh Narkotiklarga qarshi kurash boshqarmasiga (DEA) tegishli bo‘lishi mumkin bo‘lgan maxfiy portalga kirish bo‘ldi. Bu holatni mashhur kiberxavfsizlik jurnalisti Brayan Krebs tasdiqlagan. Portalda 16 ta federal ma’lumotlar bazasidan olingan ma’lumotlar, jumladan, narkotiklar va naqd pullarning musodara qilingan holatlari haqida hisobotlar mavjud edi. Xakerlar tizimga boshqaruvchining o‘g‘irlangan login-paroli orqali kirib, ushbu nozik ma’lumotlarni yuklab olishgan va shantaj qilish uchun ishlatishgan.
Masalan, Sagar Singsh ismli xaker jabrlanuvchilardan biriga uning shaxsiy ma’lumotlari — ijtimoiy sug‘urta raqamidan tortib yashash manziligacha bo‘lgan ro‘yxatni yuborib, shunday tahdid qilgan:
“Agar Instagram akkauntingni topshirmasang, yaqinlaring jabr ko‘radi.”
Bunday vaziyatda jabrlanuvchi tanlovsiz qolgan va ularning talabiga bo‘ysungan.
Guruh a’zolarining o‘zaro yozishmalaridan ma’lumki, ular qilayotgan ishlar noqonuniy ekanini anglab turgan, hattoki qidiruv va hibsga olish xavfi borligini ham tushunishgan, biroq baribir jabrlanuvchilar ustidan kulib, rejalarini yopiq suhbatlarda muhokama qilishgan.
Sud qaroriga ko‘ra:
- 21 yoshli Sagar Stiven Singsh (taxallusi Weep) — Rod-Aylend shtatidan — shaxsni o‘zlashtirish va kompyuter tizimiga noqonuniy kirishga til biriktirish ayblovi bilan 27 oy (2 yil va 3 oy) qamoq jazosiga hukm qilindi.
- 26 yoshli Nikolas Seraolo (taxalluslari Convict, Anon, Ominous) — Nyu-Yorkning Kvins hududidan — 25 oy (2 yil va 1 oy) qamoq jazosini oldi.
Ushbu ikki kiberjinoyatchi ViLE veb-saytida asosiy a’zolar sifatida ro‘yxatda turgan. AQSh Adliya vazirligiga ko‘ra, guruhning qolgan to‘rt nafar a’zosi bo‘yicha tergov ishlari hali tugamagan va hozircha ular aniqlanganmi-yo‘qmi — bu ma’lumot oshkor qilinmagan.
