Axborot xavfsizligi

Ikki bosqichli tekshiruv: Telegram, WhatsApp va Google akkauntini 5 daqiqada qanday himoyalash mumkin

Parolingiz yoki SMS kodingiz firibgarlar qo‘liga tushsa ham, ikki bosqichli tekshiruv akkauntingizni saqlab qolishi mumkin. Bu funksiya Telegram, WhatsApp va Google’da bepul va bir necha daqiqada yoqiladi. Quyidagi yo‘riqnoma Google yordam markazi, Beebom va Spot.uz materiallariga asoslangan.

Bu nima va nega kerak?

Oddiy holatda akkauntga kirish uchun bitta narsa — parol yoki SMS kod kifoya. Ikki bosqichli tekshiruvda esa yana bir qo‘shimcha himoya qatlami qo‘shiladi: faqat siz biladigan parol yoki telefoningizdagi tasdiq. Firibgar SMS kodni aldov yo‘li bilan olgan taqdirda ham, ikkinchi bosqichsiz akkauntga kira olmaydi.

Telegram

  1. Sozlamalar → Maxfiylik va xavfsizlik bo‘limini oching.
  2. «Ikki bosqichli tekshiruv»ni tanlang va yangi parol o‘rnating.
  3. Xohlasangiz, parolni eslatuvchi ishora yozing.
  4. Elektron pochtangizni kiriting — parolni unutsangiz, uni tiklash uchun kerak bo‘ladi.

WhatsApp

  1. Sozlamalar → Akkaunt → Ikki bosqichli tekshiruv bo‘limiga kiring.
  2. «Yoqish» tugmasini bosing va 6 xonali PIN-kod o‘ylab toping, uni qayta kiritib tasdiqlang.
  3. Elektron pochta manzilini qo‘shing.

Shundan so‘ng WhatsApp yangi qurilmada akkauntga kirishda ushbu PIN-kodni so‘raydi.

Google (Gmail, YouTube)

  1. Google akkauntingizni oching (myaccount.google.com).
  2. «Xavfsizlik» bo‘limiga o‘ting.
  3. «Google’ga qanday kirasiz» qismida «Ikki bosqichli tasdiqlash»ni yoqing va ekrandagi ko‘rsatmalarga amal qiling.

Google’ning o‘zi ogohlantiradi: SMS yoki qo‘ng‘iroq orqali keladigan kodlar telefon raqamiga qaratilgan hujumlarga zaif bo‘lishi mumkin. Imkon bo‘lsa, telefoningizdagi Google tasdiqnomasi, autentifikator ilovasi yoki xavfsizlik kalitidan foydalaning.

Muhim qoidalar

  • Ikkinchi bosqich parolini boshqa saytlarda ishlatmang.
  • Uni hech kimga, hatto «qo‘llab-quvvatlash xizmati» nomidan yozganlarga ham aytmang.
  • Zaxira kodlarni xavfsiz joyda saqlang.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.