Facebook’da yozilgan 2009-yildagi postlar — endi sun’iy intellekt uchun “oziq”
Meta kompaniyasi Yevropa Ittifoqi mamlakatlari foydalanuvchilarining ochiq postlari va izohlarini o‘z sun’iy intellekt (SI) modellarini o‘qitish uchun ishlatishni boshlaganini e’lon qildi. Gap faqat kattalar auditoriyasi va kompaniyaning chat-botlari bilan bo‘lgan o‘zaro aloqalar haqida ketmoqda. Shaxsiy xabarlar va voyaga yetmaganlarga oid ma’lumotlar bu jarayonga jalb qilinmaydi. Foydalanuvchilarni xabardor qilish uchun ilovalarda va elektron pochta orqali bildirishnomalar yuboriladi. Ular orqali kontentdan foydalanishga rad javobi berish mumkin bo‘ladi — Meta bu jarayonni oddiy va tushunarli qilishni va’da qilmoqda.
Bu qaror yaqinda Yevropada ishga tushirilgan Meta AI loyihasining mantiqiy davomidir. Kompaniyaning ta’kidlashicha, Yevropa kontentidan foydalanish SI modellariga mahalliy madaniyat, til va kontekstlarni yaxshiroq tushunishga yordam beradi. O‘tgan yili Meta shu kabi tashabbusni amalga oshirmoqchi bo‘lgan, ammo huquq faollari va nazorat organlari bosimi ostida to‘xtatishga majbur bo‘lgan. Ayniqsa, NOYB tashkiloti norozilik bildirgan va rasmiy shikoyat bilan chiqgan edi.
Meta Yevropa foydalanuvchilarining kontentidan foydalana olmaslik SI modellarini madaniy jihatdan zaiflashtirayotganini ta’kidlamoqda. 2024-yil dekabr oyida Yevropa ma’lumotlarni himoya qilish kengashi sun’iy intellektni o‘qitish ehtiyoji bilan foydalanuvchilarning huquqlarini (GDPR doirasida) qanday muvofiqlashtirish mumkinligi bo‘yicha tushuntirish hujjatini chiqardi. Unda, asosan, qonuniy manfaat tushunchasi, anonimlashtirish va ma’lumotlarni qayta ishlashning qonuniyligi masalalari ko‘rib chiqilgan.
Tanqidchilar bu tushuntirishlarda kompaniyalar shaxsiy ma’lumotlardan tijorat maqsadida foydalanishi uchun “orqa eshik”lar qoldirilganini aytishmoqda. Ayniqsa, hukumat tomonidan SI sanoatini rivojlantirish uchun investorlar va data-markazlarga imtiyozlar taqdim etilayotgan bir davrda.
Shunga o‘xshash holat Buyuk Britaniyada ham kuzatilmoqda — u yerda sun’iy intellekt orqali iqtisodiy o‘sishga erishish maqsadida shaxsiy hayot daxlsizligi ba’zan ikkinchi o‘ringa surilmoqda. Shu sharoitda Meta mart oyida Yevropada o‘z chat-botini faol joriy eta boshladi — Facebook, Instagram, WhatsApp va Messenger ilovalari orqali.
Mustaqil tadqiqotchi Lukash Oleynik fikricha, Meta ehtimol GDPR’ning 6(1)(f)-moddasiga — “qonuniy manfaat” asosiga tayana boshlaydi. Rozilik bo‘lmasligi, ammo rad etish imkoniyati mavjudligi aynan shu asosni kuchaytiradi. Uning aytishicha, foydalanuvchi SI bilan bevosita bo‘lishgan ma’lumotdan foydalanish qonuniy sanaladi. Ammo ko‘p yillar oldin, masalan, 2009-yilda joylashtirilgan postlardan foydalanish murakkab yuridik savollarni keltirib chiqaradi.
Ayniqsa, “maqsadli cheklov” (purpose limitation) degan prinsip muhim: 2009-yilda surat joylagan foydalanuvchi, 2025-yilda u sun’iy intellektni o‘qitish uchun ishlatilishini o‘ylab ko‘rganmi? Yevropa sudining talabi shuki — ma’lumotlarni qayta ishlash zarur bo‘lishi va xabarnomalar aniq va tushunarli shaklda bo‘lishi kerak. Meta bu talabga javoban ilovalar ichidagi interfeys orqali ogohlantirishlar berishni boshlagan, biroq ularning yetarliligi borasida shubhalar qolmoqda.
Oleynikning fikricha, SI uchun maxsus taqdim etilgan ma’lumotlar asosida o‘qitish mumkin, ammo foydalanuvchi kontenti ustidan ommaviy qayta ishlov huquqiy jihatdan sinchkovroq baho talab qiladi. U OpenAI’ga 2023-yilda topshirgan shikoyatiga hanuz javob olmaganini aytib, huquqni qo‘llash amaliyotida hamon muammolar borligini ta’kidlaydi.
Meta, barcha talablarni bajarayotganini bildirishiga qaramay, agar u shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishning asosiy prinsiplarini chetlab o‘tishga urinyapti degan taassurot uyg‘otsa, tanqidlar va sud ishlari bilan yana to‘qnash kelishi mumkin.
