Feyk

Feyklar o‘tmaydi: Google reklama uchun “antivirus”ni ishga tushirdi

Google 2024-yil bo‘yicha reklama xavfsizligi haqidagi hisobotni e’lon qilib, nosamimiy reklamalarga qarshi kurash bo‘yicha salmoqli raqamlarni taqdim etdi. Bir yil ichida 5,1 milliard reklama e’lonlari bloklangan va 39,2 milliondan ortiq reklamachi akkauntlari to‘xtatilgan. Moderatsiya kuchaytirilishining asosiy sabablari – generativ sun’iy intellektdan kelib chiqayotgan xavf-xatarlar, shuningdek, firibgarlik va platformani manipulyatsiya qilish holatlarining ko‘payishi bo‘ldi.

Kompaniya ayniqsa mashhurlar ishtirokidagi feyk videolarni sun’iy intellekt yordamida yaratish orqali amalga oshirilayotgan firibgarlik to‘lqiniga alohida e’tibor qaratdi. Bunday videolar ko‘pincha moliyaviy va kriptovalyutaga oid sxemalarga odamlarni jalb qilish uchun ishlatiladi. Bunga javoban Google ma’lumot taqdimoti siyosatini kuchaytirdi va taniqli shaxslarning qalbaki obrazlari orqali reklama bergan 700 mingdan ortiq akkauntni blokladi.

Bunday sxemalarga qarshi samarali kurashish maqsadida kompaniya yuzdan ortiq mutaxassisdan iborat maxsus jamoa tuzdi. Ular firibgarlarning xatti-harakatlarini tahlil qilib, qarshi choralarni ishlab chiqish bilan shug‘ullanishdi. Google’ning ta’kidlashicha, natijada bunday reklamalar bo‘yicha shikoyatlar soni yil davomida 90 foizga kamaygan.

Shu bilan birga, sun’iy intellekt himoya vositasi sifatida ham qo‘llanilmoqda. 2024-yilda kompaniya mashina o‘rganish modellari ichiga 50 dan ortiq yangilanish kiritdi, bu esa yangi tahdidlarni foydalanuvchilar shikoyat qilishidan oldin aniqlash imkonini berdi. Bu yondashuv zararli kontentning tarqalishining oldini olishga xizmat qildi.

Google o‘chirilgan reklamalar tematikasiga oid statistikani ham taqdim etdi. Eng ko‘p o‘chirishlar moliyaviy xizmatlar sohasiga to‘g‘ri kelgan – deyarli 194 million e’lon. Undan keyin qimor o‘yinlari va o‘yin servislariga oid reklamalar – 146 million, kattalar uchun mo‘ljallangan kontent – 122,5 million, sog‘liq bilan bog‘liq reklamalar – 104,8 million e’lon tashkil etdi.

Chora-tadbirlar faqat reklamachilarga emas, balki hamkor veb-saytlarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Siyosiy qoidabuzarliklar 1,3 milliard veb-sahifa va 220 ming saytlarida qayd etilgan. Google siyosiy faollik kuchaygan davrda qo‘shimcha choralar ko‘rdi: 10,7 millionta saylovlarga oid, tekshirilmagan akkauntlar tomonidan joylashtirilgan reklama o‘chirildi, shuningdek, 8 900 ta yangi siyosiy reklama beruvchilar tasdiqdan o‘tkazildi.

Yil yakuni Google’ning reklama xavfsizligiga yondashuvida tub o‘zgarishlar ro‘y berganini ko‘rsatadi – passiv munosabatdan foydalanuvchilarni faol himoya qilishga o‘tildi. Sun’iy intellekt bilan bog‘liq tahdidlar ortib borayotgan bir paytda, kompaniya nazorat vositalarini takomillashtirishni davom ettirmoqda va dezinformatsiya hamda firibgarliklarga qarshi kurashni susaytirmaslikka va’da bermoqda.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.