Feyk: Albaniya Bosh vaziri “Zelenskiyni donor organlarni Yevropaga Tiranadagi aeroport orqali yetkazib bergani uchun minnatdorchilik bildirdi”
Albaniya Bosh vaziri Edi Rama bunday so‘zlarni hech qachon aytmagan.
Go‘yoki Albaniya Bosh vaziri Zelenskiyni o‘z do‘sti deb atab, unga mamlakat poytaxti Tirana aeroporti orqali donor organlarni dunyoning yarmidan yetkazib bergani uchun minnatdorchilik bildirgan. Bu kabi «xabar» bir nechta Rossiyani qo‘llovchi manbalar va ijtimoiy tarmoq akkauntlarida tarqatildi. Bayonotning absurd ekaniga qaramay, auditoriyaning katta qismi bu so‘zlarni jiddiy qabul qilib, «qora transplantologlar» o‘z jinoyatlari haqida ochiq gapirayotganidan g‘azablandi.

Aslida esa bu xabar butunlay uydirma. Albatta, Edi Rama bunday so‘zlarni aytmagan — bu kabi iqtiboslar na g‘arb, na Albaniya va na Ukrain OAVlarida paydo bo‘lgan, balki faqat kremlparast manbalarda hech qanday ishonchli manbalarsiz tarqatilgan. Ma’lumki, Albaniya bosh vaziri Ukraina bilan birdamlikni ochiq ifoda etgani uchun bu feyk xabar nishoniga aylangan. 2024-yil fevral oyida Edi Rama va Vladimir Zelenskiy Ukraina va Albaniya Respublikasi o‘rtasida Do‘stlik va hamkorlik shartnomasini imzolashgan. Ushbu kelishuv savdo, iqtisodiyot, fan va texnologiya, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlash, OAV, turizm va sport sohalarida o‘zaro manfaatli hamkorlikni nazarda tutadi. Shuningdek, davlat vakillari Ukrainaning mudofaa ehtiyojlari va ushbu sohadagi kelgusidagi hamkorlik, jumladan, qurol-yarog‘ ishlab chiqarish bo‘yicha hamkorlikni muhokama qilishgan.
Uchrashuvda Rama, Yevropa siyosatchilarining Ukrainaga qurol yetkazib berishdan voz kechish haqidagi xavotirlarini «kinoyali va bema’ni» deb atab, shunday degan edi:
«Nafaqat hukumat, parlament yoki Albaniya institutlari, balki butun xalq, butun millat Ukrainaning yonida turibdi va uni qat’iy qo‘llab-quvvatlamoqda. Biz Ukrainani adolatli tinchlik qaror topguncha qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz. Albaniya har doim sizning uyingiz bo‘ladi va fuqarolaringiz o‘zlarini uyda his qiladigan joylardan biri bo‘lib qoladi. Biz siz bilan hamkorlikni kuchaytirishni va Ukrainada erkin nafas olish, tinchlikdan va xavfsiz uyqudan bahramand bo‘lish onini intiqlik bilan kutamiz.»
Albaniya hukumati tomonidan Ukrainaga ko‘rsatilgan bu murosasiz qo‘llab-quvvatlash uni Rossiya propagandasining primitiv soxta xabarlariga nishon qilib qo‘ydi.
