Fakt

NYT: Nyu-York meriga jinoiy ayblov e’lon qilindi

The New York Times nashri xabariga ko‘ra, Erik Adams Nyu-York merlari orasida lavozimda turgan vaqtda federal ayblov e’lon qilingan birinchi shaxsga aylanishi mumkin.

Nyu-York meri Erik Adamsga korrupsiya ishi bo‘yicha federal tergov doirasida jinoiy ayblov qo‘yilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, hozircha ayblov tafsilotlari yopiq saqlanmoqda va merga qarshi qanday konkret ayblovlar ilgari surilayotgani ochiqlanmagan. Ammo ma’lumotlarga ko‘ra, tergov Adamsning turk hukumatiga bog‘liq shaxslar tomonidan xayriya mablag‘larini olgani ehtimolini o‘rganmoqda.

2023-yil noyabr oyida federal tergov organlari 2021-yilda Adamsning saylov kampaniyasida xayriya mablag‘larini yig‘ishga mas’ul bo‘lgan xodim, Brianna Saggsning uyida tintuv o‘tkazdi. CBS News manbalariga ko‘ra, Adamsning kampaniyasi soxta donorlar orqali Turkiyadan noqonuniy xayriya mablag‘larini olganlikda gumon qilinmoqda. Shuningdek, FQB Adamsning xalqaro aloqalar bo‘yicha protokol direktori Rana Abbasova hamda Turkish Airlines aviakompaniyasining sobiq rahbari va merning o‘tish jamoasi a’zosi Jyenk Ojalning xonadonlarida ham tintuv o‘tkazgan edi.

Adamsga qarshi tergov ishlari 2021-yilda, Manxetten federal prokurorlari uning turk hukumatiga yangi konsullik binosini ochish bo‘yicha ruxsat olish maqsadida o‘t o‘chiruvchilarni ta’sir ostiga olganini tekshirgan paytda boshlangan. Tergovchilar shuningdek, Adamsning Turkish Airlines kompaniyasida bepul parvozlarni amalga oshirganligini ham tekshirmoqda.

The New York Times qayd etishicha, agar ayblov ommaga e’lon qilinsa, Adams lavozimda turgan paytda federal jinoiy ayblov e’lon qilingan Nyu-York tarixidagi birinchi merga aylanadi. Adams esa o‘zini himoya qilib, merlik davrida faqat Isroil va Qatarga safar qilganini ta’kidlamoqda. «Men doimo nyu-yorkliklarga halol xizmat qilish pozitsiyamda qat’iy bo‘lganimni bilardim — va shu sabab nishonga aylanishim aniq edi», — deydi Adams o‘zining aybsiz ekanini qayd etib.

Avvalroq tekshiruv Adamsning nafaqat Turkiya, balki Isroil, Qatar, Xitoy, Janubiy Koreya va O‘zbekiston bilan aloqalarini ham qamrab olgani xabar qilingan edi. Ushbu davlatlar orasida faqat O‘zbekistonga Adams tashrif buyurmagan.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.