Teraktdan soʻng Rossiyada ksenofobik kayfiyatlar yanada kuchayib ketdi
Moskvadagi Crocus City Hall sanʼat saroyida juma kungi qurolli hujumdan soʻng Rossiyada ksenofobik kayfiyatlar yanada kuchayib ketdi. Xususan, Rossiyada doimiy yashayotgan yoki vaqtinchalik mehnat qilayotgan tojikistonliklar tobora koʻproq ksenofobik xurujlar nishoniga aylanmoqda.
Amur viloyatining Blagoveshensk shahrida nomaʼlum shaxslar muhojirlarga tegishli boʻlgan doʻkonga oʻt qoʻygan – shahar meri Oleg Imameyevning aytishicha, “aniq, etnik sabablar deb”.
Kalugada bir guruh ruslar Tojikistonning uch fuqarosini kaltaklagan, ulardan biri kasalxonaga tushgan.
Rossiyaning turli mintaqalaridan mijozlar tojik millatiga mansub taksi haydovchilari xizmatidan foydalanishdan bosh tortayotgani haqida xabarlar kelmoqda.


Vaziyat shu darajaga yetgan-ki, Tojikistonning Rossiyadagi elchixonasi mehnat muhojirlarini uydan chiqmay turishga chaqirgan.
Baza Telegram kanalining xabar berishicha, Krokusdagi teraktdan soʻng tuman IIBlarida mehnat muhojirlari bilan ishlaydigan, mahalliy inspektorlar va jinoyat qidiruv xodimlaridan iborat maxsus guruhlar tuzilgan. Bu guruhlar hududdagi muhojirlar zich istiqomat qilayotgan manzillarni tekshirib yuribdi.
Muhojirlarning aytishicha, koʻplab tojikistonliklar vataniga qaytish niyatida. Biroq, Rossiyada fuqarolikni olgan va oʻz taqdirini u bilan bogʻlagan yuz minglab tojikistonliklar ham mavjud. Aksil-muhojir kayfiyatlar kundan kunga kuchayib borayotgan rus jamiyatida muhojirlarning holati beqarorligicha boʻlib qolmoqda.
Maʼlumotlarga koʻra, bir milliondan ortiq Tojikiston fuqarolari Rossiyada mehnat muhojiri sifatida ishlaydi. Bu mamlakatdagi eng yirik muhojir guruhlardan biri. Rossiya iqtisodiyotida tojik muhojirlari katta rol oʻynaydi. Ular qurilish, qishloq xoʻjaligi, savdo va xizmat koʻrsatish kabi turli sohalarda mehnat qilayotgan mamlakatdagi mehnat muhojirlarining eng yirik guruhlaridan biri hisoblanadi. Iqtisodiyotga qoʻshgan hissasiga qaramay, Tojikistondan kelgan muhojirlar koʻpincha kam ish haqi, sifatsiz mehnat sharoitlari, kamsitish va huquqlarning buzilishi kabi muammolarga duch kelishadi. Shuningdek, ular ishlash va yashash uchun ruxsat olishda qiyinchiliklarga duch kelishadi va koʻpincha ish beruvchilar tomonidan noqonuniy xatti-harakatlar qurboni boʻlishadi. Biroq Tojikistondan kelgan muhojirlar Rossiya iqtisodiyoti uchun arzon ishchi kuchining muhim manbai boʻlib qolmoqda.
