Mudofaa vazirligi Afg‘oniston harbiy vertolyoti urib tushirilganini rad etdi
Mudofaa vazirligi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Afg‘oniston va O‘zbekiston chegarasida afg‘on harbiy vertolyotining urib tushirilgani haqidagi xabarga izoh berdi.
Bu haqda Rossiya siyosatshunoslar jamiyati tahliliy markazi rahbari Andrey Serenko o‘zining Telegram’dagi kanalida xabar bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, vertolyot go‘yoki Mozori Sharifdan Badaxshon tomon uchayotgan bo‘lgan. “U qanday qilib O‘zbekiston havo hududiga tushib qolgani hozircha aniq emas”, — deya ta’kidlagan muallif. U, shuningdek, vertolyot bortida 15 dan ortiq odam bo‘lganini qo‘shimcha qilgan.

“Ushbu xabarlar hech qanday asosga ega emas va haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi”, — deyiladi Mudofaa vazirligi munosabatida.
Bundan ikki yil oldin ham ijtimoiy tarmoqlarda Afg‘oniston tomonidan O‘zbekistonning ushbu mamlakat bilan chegaradosh Termiz shahridagi mudofaa obyektlariga ISHID terroristik guruhi raketa hujumi uyushtirgani haqida xabarlar tarqalgandi.
O‘shanda ham O‘zbekiston Prezidenti matbuot kotibi Sherzod Asadov, O‘zbekiston Mudofaa vazirligi va “Tolibon” tomonidan tuzilgan muvaqqat hukumatning TIV vakili Abdul Qahor Balxi bayonot bilan chiqib bayonot berib, ushbu xabarlar yolg‘on ekanini bildirgandi.
