Andijonning sobiq hokimi Bahrom Haydarov qamoqxonada vafot etdi
Andijonning sobiq hokimi Bahrom Haydarov qamoqxonada oʻlgani toʻgʻrisida mahalliy OAVlar Bosh prokuraturaga tayangan holda 5-mart kuni xabar berdi.
“Oʻlim sabablari toʻgʻrisidagi dastlabki maʼlumot yaqin vaqt ichida eʼlon qilinishi kutilmoqda”, — deyiladi xabarda.
Ayni paytda “Daryo” nashri Ichki ishlar vazirligi axborot xizmati rahbari Shoxruh Gʻiyosovga tayangan holda sobiq hokimning oʻlimiga “yurak ishemik kasalligi zoʻriqish stenokardiyasi FS-III, IKKS (2022-yil mart). Koronar qon tomirlar stentlash operatsiyasidan keyingi holat (2022-yil aprel). Gipertoniya kasalligi III bosqich. Arterial gipertenziya III. Xavf IV (oʻta yuqori)” sabab boʻlganini bildirdi.
Fargʻona viloyat sudi 2022-yil 26-dekabrda Andijon shahrining sobiq hokimi doxil 45 nafar sudlanuvchiga nisbatan ochilgan jinoyat ishi boʻyicha hukm chiqargandi.
Sud hukmi bilan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismining “a”, “v” bandlari, 209-moddasi 2-qismi “a”, “b” bandlari va 243-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topilgan 50 yoshli Bahrom Haydarov 10-yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Shuningdek, u 3 yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik yuklatilgan lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilingan hamda BHMning 350 baravari, yaʼni 85 million 750 ming soʻmlik jarimaga tortilgan.
Mazkur jinoyat ishi doirasida Andijon shahri sobiq prokurori Qurbonali Asqarov 10-yilu 6 oyga, Andijon shahar XTB markazlashgan moliya-buxgalteriya xizmatida bosh hisobchi lavozimida ishlagan Saida Yoʻlchiyeva taqriban 8 yilga, Andijon viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari lavozimida ishlagan Farhod Mullajonov 8 yilga, Andijon viloyat hokimligi moliya bosh boshqarmasining mahalliy byudjet daromadlarini rejalashtirish va byudjetlarini shakllantirish boʻlimi boshligʻi lavozimida ishlagan Shavkat Hoshimov 8 yilga qamalgan.
Qolgan 40 nafar sudlanuvchiga nisbatan 4 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 2 yilgacha ozodlikni cheklash hamda 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish jazolari tayinlangan.
Xabarnomada aytilishicha, jinoyat oqibatida yetkazilgan 63 milliard soʻmlik moddiy zararning 16 milliard soʻmdan koʻprogʻi qoplangan, zararning qolgan qismini sudlanuvchilardan solidar tartibda undirish belgilangan.
Andijon shahrining sobiq hokimi Bahrom Haydarov 2022-yilning 6-iyunida 2017-2019-yillarda Andijon viloyati moliya boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlagan davrida katta miqdordagi byudjet mablagʻini oʻzlashtirganlikda gumonlanib hisbga olingani haqida avval xabar qilingan.
Bahrom Haydarov 1972-yilda Qirgʻizistonning Oʻsh viloyatida tugʻilgan. 1995-yil Andijon iqtisodiyot va boshqaruv institutini sirtdan bitirgan. 1998-yilda Oʻzbekiston Bank-moliya akademiyasini tamomlagan. U 2019-yil avgustida Andjion shahar hokimi lavozimiga tayinlangan edi.
