Feyk: Qozogʻistonda “pedofillarning jinsiy aʼzolarini kesish” toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi
Telegram messenjerida minglab obunachilari boʻlgan turli ommaviy kanallar “Qozogʻistonda “pedofillarning jinsiy aʼzolarini kesish” toʻgʻrisidagi qonun qabul qilindi” sarlavhasi bilan xabarlar eʼlon qildi.
Xabar faqatgina sarlavhadan iborat boʻlib, hech qanday faktlar va havolalarni oʻz ichiga olmagan. Ushbu xabarlar feyk boʻlib, aslida “Qozogʻistonda pedofillarning jinsiy aʼzolarini kesish” qonun loyihasida taklif sifatida bildirilgan.
Yaʼni deputat Elnur Beysenboyev 2024-yil 5-fevralda Majlisda “Ayollar huquqlari va bolalar xavfsizligini taʼminlash toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi taqdimotida pedofillar uchun jarrohlik kastratsiyasini joriy etishni taklif qildi.
Telegramdagi Telegram Yulduzlari, MilitsiyaUZB, Qoraxabar va boshqa oʻnlab kanallardagi ushbu xabar tahminan million marotaba koʻrilgan. Xabarda Oʻzbekistonda ham xuddi shunday qonun joriy etish, kerakligiga shaʼma qilinadi.
Aslida ushbu jazo turi qonun loyihasiga allaqachon kiritilgan umrbod qamoq jazosini belgilashga qoʻshimcha ravishda taklif qilingan.
“Biz fraksiya nomidan pedofillarni jarrohlik yoʻli bilan kastratsiya qilish boʻyicha tuzatish kiritdik. Biroq, hukumat oʻzining moʻrtligini koʻrsatdi va bu tuzatishni qabul qilmadi. Ular buni inson huquqlari konvensiyasiga zid ekanligini turli soʻzlar bilan oqladilar. Bular vajlar xolos, birinchidan, aniq dalil yoʻq. “Koʻpgina Yevropa mamlakatlarida jarrohlik kastratsiya mavjud. Biz kastratsiya barcha pedofillarga qoʻllanilishi kerak, deb aytmayapmiz. Biz sudga tanlashga ruxsat beramiz. Agar pedofiliya alohida shafqatsizlik bilan qilingan boʻlsa, unda kastratsiya qilish kerak”, dedi Elnur Beysenboyev.

Deputat Asxat Ayamagambetovning ma’lum qilishicha, “Ayollar huquqlari va bolalar xavfsizligini ta’minlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasi parlament a’zolari tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.
Hujjatda quyidagi asosiy normalar mavjud:
- kaltaklash va sog‘lig‘iga yengil shikast yetkazish uchun jazo kuchaytirilmoqda (ma’muriy javobgarlikdan jinoiy javobgarlikka o‘tkazilmoqda);
- oiladagi zo‘ravonlik haqidagi mavjud ma’lumotlarga asoslanib, jabrlanuvchining ko‘rsatmasini kutmasdan sudga da’vo arizasi berish mumkin bo‘ladi;
- sudlarga oilaviy zo’ravonlik sodir etgan shaxslarning tajovuzkor xatti-harakatlarini o’zgartirish uchun psixologik yordam ko’rsatishga ruxsat beriladi;
- pedofillarga umrbod qamoq jazosi taklif etiladi;
- o’z joniga qasd qilishga targ’ib qilganlik yoki o’z joniga qasd qilishga undaganlik uchun jinoiy javobgarlikni joriy etish;
- Bolalar uchun internat va yopiq muassasalarni istalgan vaqtda oldindan ogohlantirmasdan tekshirish taklif etiladi.
