Factchecking

Eronga sayohat qilgan oʻzbekistonliklarga AQSh vizasi berilmaydimi?

Eron Vazirlar Mahkamasi bir tomonlama tartibda 32 davlat bilan viza rejimini bekor qilishni maʼqulladi. Bu haqda mamlakat madaniy meros, hunarmandchilik va turizm vaziri Izzatulloh Zargʻamiy maʼlum qildi.

Viza rejimi bekor qilingan mamlakatlar orasida Oʻzbekistondan tashqari BAA, Saudiya Arabistoni, Bahrayn, Peru, Kuba, Meksika, Venesuela, Bosniya va Gersegovina, Serbiya, Xorvatiya, Belarus va boshqa davlatlar bor.

Endi Oʻzbekiston fuqarolari 2023-yilning 4-fevralidan Eronga har olti oyda bir marta vizasiz kirib, 15 kungacha sayohat qilishlari mumkin.

Ushbu yangilikdan soʻng, ijtimoiy tarmoqlarda Eron vizasini olib mamlakatga sayohat qilgan oʻzbekistonliklarga kelajakda AQSh vizasini olishda muammolar paydo boʻlishi mumkinligi haqidagi muhokamalar avj oldi.

Tarmoq foydalanuvchilari shundoq ham, 2023-yilda AQSh vizasiga murojaat qilib, rad javobini olgan 60 foiz oʻzbekistonliklarga Eronga sayohat qilgandan soʻng AQSh vizasini olish uchun deyarli imkon qolmasligidan xavotir bildirgan.

2016-yilda AQSh vizasi qoidalaridagi oʻzgarishlarga koʻra, hatto Amerikaga turistik vizasiz sayohat qilish huquqiga ega boʻlgan mamlakatlar fuqarolari ham Eron, Iroq, Suriya yoki Sudanga tashrif buyurgan yoki ushbu mamlakatlar fuqaroligiga ega boʻlsalar, AQShga kirishga maxsus ruxsat olishlari kerak boʻladi. Yevropaliklarni gʻazablantirgan ushbu qonun 2015-yilda AQSh prezidenti Barak Obama tomonidan imzolangan.

Amerikaning ushbu qonuni 2015-yil noyabr oyida Parijdagi xurujlardan koʻp oʻtmay ilgari surilgan. Biroq, kongressmenlar hujumchilarning deyarli barchasi Yevropa Ittifoqi fuqarolari ekanligini va agar xohlasalar, Amerikaga erkin kirishlari mumkinligini taʼkidlagan edilar.

Qonun loyihasi 2015-yilning 2-dekabr kuni Tafshin Malik va Said Farukning San-Bernardinoda oʻt ochishi va 14 kishining oʻlimidan soʻng yanada koʻproq qoʻllab-quvvatlandi.

Factchecking.uz’ning Toshkentdagi AQSh Elchixonasi Konsullik boʻlimidan olgan izohida konsullik xodimlarining viza olish huquqini aniqlashda koʻplab masalalarni baholashlarini maʼlum qildi. Konsullikka koʻra, Eron fuqarolari va Eronga sayohat qilgan boshqa mamlakatlar fuqarolari viza olishlari mumkin, ammo barcha vizaga murojaat etuvchilar singari ular ham qonuniy sayohat maqsadini va AQSh vizasi qoidalariga rioya qilishlarini namoyish etishlari kerak.

AQSh 2023-yilga moʻljallangan B1/B2 toifali noimmigratsion vizalarni berishni rad etish boʻyicha rasmiy statistika maʼlumotlari koʻra, 2023-yilda viza Oʻzbekistondan murojaat qilganlarning qariyb 60 foiziga rad etilgan. Viza rad etish darajasi B vizasiga ariza topshirganlar soniga nisbatan hisoblanadi.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.