Fakt

Toshkentda PPX xodimlari 13 yoshli bolani mashinaga majburlab o‘tirg‘izdi (video)

Tarmoqlarda patrul-post xizmati xodimlari maktab o‘quvchisini xizmat mashinasiga majburlab o‘tirg‘izgani aks etgan video tarqaldi. Bolalar ombudsmani holat yuzasidan munosabat bildirdi.

Lavhada avvaliga xodimlar bola bilan suhbatlashgani, so‘ng ularning biri bolani ko‘tarib, mashina ichiga majburan tiqqanini ko‘rish mumkin. Shu vaqtda bola og‘riqdan baqirgani eshitiladi. Videoda, shuningdek, ayollar hodisa joyiga kelib, xodimlar bilan gaplashgani va mashina eshigini ochgani aks etgan.

Aniqlanishicha, holat 2023-yil 22-dekabr kuni Chilonzor tumani Chilonzor-3 mavzesida sodir bo‘lgan. PPX xodimlari Sh. M. va A.O. 2011-yilda tug‘ilgan K.P.da pirotexnika vositalari borligini aniqlab, bolani xizmat mashinasiga kuch ishlatib, majburan o‘tqazishga uringan, shu tariqa unga nisbatan qo‘pol va nomaqbul munosabatda bo‘lgan.

Oqibatda bola bosh sohasidan lat yegan va qattiq ruhiy qo‘rqish holatiga tushgan.

Bolalar ombudsmanining ta’kidlashicha, ichki ishlar xodimlariga nisbatan holat yuzasidan xizmat tekshiruvi o‘tkazilib, ularning harakatlarida voyaga yetmagan bolaga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lish hamda IIV Kasb madaniyati kodeksini buzish holatlari yuzasidan hayfsan intizomiy jazosi qo‘llangan.

“Huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining bola manfaatlariga zid bo‘lgan bu kabi harakatlariga mutlaqo yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va bunga javoban qonun doirasidagi qat’iy chora ko‘rilishi shart”, deya qo‘shimcha qildi bolalar huquqlari vakili.

Hozirda ombudsman so‘roviga ko‘ra Toshkent shahri prokuraturasi holatga huquqiy baho berish masalasini o‘rganmoqda.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.