Feyk: Afg‘onistonda halokatga uchragan Rossiya samolyotidan 1,2 million dollar o‘g‘irlab ketilgan
Rossiya Federatsiyasi fuqarolik samolyotlari davlat reyestrida ro‘yxatga olingan Falcon 10 samolyoti 20-yanvar kuni Afg‘oniston havo hududida (Tojikiston chegarasi yaqinida) aloqani to‘xtatib, radarlardan g‘oyib bo‘ldi.
Manbalarga ko‘ra, taxminan soat 19:05 da ekipaj yonilg‘i tugayotgani bilan bog‘liq favqulodda holat va Ko‘lobdagi aeroportga rejadan tashqari qo‘nishga qaror qilgani haqida e’lon qilgan. Keyinroq ekipaj birinchi dvigatel, keyin esa ikkinchi dvigatel ham ishdan chiqqanini xabar qilgan.

Samolyot “Atletik Grupp“ MChJ va xususiy shaxsga tegishli bo‘lgan. Havo kemasi Gaya (Hindiston) — Toshkent (O‘zbekiston) — Jukovskiy (Rossiya) yo‘nalishi bo‘yicha charter sanitar reysini amalga oshirayotgan bo‘lgan.
Telegramdagi Mash va Baza kanallari xabariga ko‘ra, samolyot bortida rossiyalik tadbirkorlar Anna va Anatoliy Evsyukovlar bo‘lgan. Ular Tailandda dam olayotganida Anna Evsyukova kasal bo‘lib qolgan va kasalxonaga yotqizilgan. Ammo shifokorlar davolanishni uyda davom ettirishni tavsiya qilishgan. Shundan so‘ng, qaytish uchun xususiy samolyot ijaraga olingan.
25-yanvar kuni Hasht-e Subh Daily nashriga tayanib Daryo.uz’ning xabar qilishicha, Afg‘onistonning Badaxshon viloyatida halokatga uchragan Rossiyaning Falcon 10 samolyotidan 1,2 million dollar pul o‘g‘irlab ketilgan.
Xabarga ko‘ra, halokatga uchragan samolyotga birinchi bo‘lib “Tolibon” Qurolli kuchlari shtabi boshlig‘i Fasihuddin Fitratga aloqador bo‘lgan bir guruh odamlar yetib kelgan. O‘g‘rilikdan xabar topgan Badaxshondagi “Tolibon” gubernatori Muhammad Ayub Xolid voqeani tekshirish uchun komissiya tayinlagan. O‘g‘irlangan pullar kimga tegishli bo‘lgani esa ochiqlanmagan.
Omon qolgan Falcon 10 uchuvchisidan biri Andrey Grachevning otasi Yuriy Grachev samolyotdan 1,2 million dollar o‘g‘irlangani haqidagi xabarni feyk, deb atadi.

Keyinroq, Andreyning o‘zi ham jurnalistlarga bergan intervyusida ushbu xabarning feyk ekanligini ma’lum qildi. U halokatga uchragan samolyot bortida 1,2 million dollar borligi haqidagi afg‘on matbuotining bayonotlarini rad etdi.
«U yerda pul yo‘q edi», dedi Grachev jurnalistlarga.
Uchuvchining so‘zlariga ko‘ra, ekipajga yordam berish uchun kelganlarga haqiqatan ham mukofot sifatida ozroq pul berilgan. Biroq, millionlar haqida gap bo’lishi mumkin emas.
Keyinroq Daryo.uz nashrida Grachevning bayonoti videosi e’lon qilindi. Biroq, maqola matnida o‘g‘irlangan pullar haqida so‘z bormaydi.
