Qozogʻiston hukumati “Tolibon”ni mamlakatda taqiqlangan tashkilotlar roʻyxatidan olib tashladi
Qozogʻiston va “Tolibon” oʻrtasidagi siyosiy aloqalar masalasida Ostona BMT Xavfsizlik Kengashi va Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan qaror va rezolyutsiyalarga qatʼiy amal qilishi taʼkidlanmoqda.
Qozogʻiston hukumati Afgʻonistonning “Tolibon” harakatini mamlakatda taqiqlangan tashkilotlar roʻyxatidan chiqarib tashladi. Bu haqda Qozogʻiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Oybek Smadiyarov maʼlum qildi.
Uning soʻzlariga koʻra, bu qaror BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan terrorchi deb tan olingan tashkilotlar roʻyxatida “Tolibon” harakatining yoʻqligi bilan izohlanadi.
“Qozogʻiston taqiqlangan terroristik tashkilotlarning milliy roʻyxatini yangilash maqsadida muntazam ravishda audit oʻtkazadi. Ushbu jarayon doirasida BMT amaliyotiga koʻra, “Tolibon”ni undan chiqarib tashlash toʻgʻrisida qaror qabul qilindi. Shunday qilib, BMT Xavfsizlik Kengashining majburiy boʻlgan rezolyutsiyalariga koʻra, “Tolibon” harakati BMT Xavfsizlik Kengashi tomonidan terrorchi deb tan olingan tashkilotlar roʻyxatiga kiritilmagan”, deb tushuntirdi TIV vakili.
Uning qoʻshimcha qilishicha, Qozogʻiston va “Tolibon” oʻrtasidagi siyosiy aloqalar masalasida Ostona Xavfsizlik Kengashi va BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan qaror va rezolyutsiyalarga qatʼiy amal qiladi.
Maʼlumot oʻrnida, BMT Xavfsizlik Kengashi “Tolibon”ni 2003 yilda terrorchi tashkilotlar roʻyxatiga kiritgan. Shuningdek, 1999 yildan beri ushbu harakat vakillariga nisbatan sanksiyalar qoʻllaydi. BMT tomonidan “Tolibon”ni terrorchi tashkilotlar roʻyxatidan chiqarilgani yoki sanksiyalar olib tashlangani haqida xabar berilmagan.
2005 yilda “Tolibon” Qozogʻiston Oliy sudi tomonidan terrorchi tashkilot deb tan olingan edi.
2021 yil avgust oyida AQSh harbiylari Afgʻonistonni tark etgach, “Tolibon” mamlakatda hokimiyatni qoʻlga oldi va shundan beri dunyo tomonidan tan olinishiga urinib kelmoqda.
