Rossiyada VPN-provayder birinchi marta «chet el agenti» deb e’lon qilindi
Rossiya Adliya vazirligi aktrisa Yana Troyanova, jurnalist Ilya Ber, “Nochlejka”ning sobiq rahbari Grigoriy Sverdlin, siyosatshunos Aleksandr Morozov va The Moscow Times internet-nashrini “chet el agentlari” roʻyxatiga kiritdi.
17 noyabr, juma kuni Rossiya Adliya vazirligi “chet el agentlari” roʻyxatini yana bir bor kengaytirdi. Roʻyxatga birinchi marta VPN-provayder kiritildi – HideMyName VPN-servisiga egalik qiluvchi Hidemy.network Ltd kompaniyasi. Mahkama maʼlumotlariga koʻra, kompaniya “chet el agentlari” materiallarini, shuningdek, Rossiya hukumati qarorlari haqidagi “ishonchsiz maʼlumotlarni” tarqatgan.
Bundan tashqari, rossiyalik aktrisa Yana Troyanova “chet el agentlari” roʻyxatiga kiritilgan. Vazirlikning taʼkidlashicha, u Rossiya hukumati siyosati haqida “feyklar” tarqatgan va Rossiya armiyasining salbiy imijini yaratishga harakat qilgan. Troyanovadan tashqari roʻyxat jurnalist va «Provereno.Media» sayti yaratuvchisi Ilya Ber, “Nochlejka” loyihasining sobiq rahbari Grigoriy Sverdlin, siyosatshunos Aleksandr Morozov, shuningdek, The Moscow Times internet-nashri bilan toʻldirildi.
Bundan tashqari, “chet el agenti” sifatida faoliyat yuritish niyatida boʻlgan shaxsning arizasi asosida M.I.Nikandrov reyestrga kiritildi”, — deyiladi Adliya vazirligi xabarida. “Xolod” internet-jurnaliga koʻra, gap pskovlik jurnalist Marat Nikandrov haqida ketmoqda.
Shu bilan birga, The Insider nashrining yozishicha, Nikandrov 19 yoshda boʻlib, u oʻzini hazillashib roʻyxatga kiritgan. “Aslida, men buni [roʻyxatga qoʻshilish] mumkin deb oʻylamagan edim, yaʼni, bu oʻz-oʻzidan sodir boʻldi, rostini aytsam. Men pasport maʼlumotlarimni, keyin SNILS va INNni kiritdim. Ular na boshqa maʼlumotni, na mablagʻ manbasini, umuman, boshqa hech narsani soʻramadi”, — deya yigitning soʻzlarini keltiradi nashr.
Rossiyada “chet el agentlari” toʻgʻrisidagi qonun 2012 yilda paydo boʻlgan. Oʻshandan beri bir necha yuzlab tashkilotlar va shaxslar taqiq roʻyxatiga kiritildi.
Jismoniy shaxslar – “chet el agentlari” reyestri 2022 yil aprel oyi boshida ishga tushirilgan boʻlib, u NNTlar – “chet el agentlari”, OAV – “chet el agentlari” va roʻyxatdan oʻtmagan tashkilotlar – “chet el agentlari” roʻyxati bilan bir qatorda toʻrtinchi roʻyxat boʻldi. 2022 yil dekabr oyidan boshlab qonun, Rossiya rasmiylariga koʻra, “chet eldan yordam oladigan” va “xorijiy taʼsir ostida” boʻlganlarni “chet el agentlari” deb eʼlon qilish imkonini beradi.
