Fakt

Rossiyada Navalniyning sherigi Mariya Pevchix qidiruvga berildi

Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro jamgʻarmasi direktorlar kengashi rahbarining ismi — Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining maʼlumotlar bazasida. “Populyarnaya politika” YouTube-kanali moderatori Dmitriy Nizovsev ham qidiruvga berilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurash xalqaro jamgʻarmasi (FBK) direktorlar kengashi rahbari Mariya Pevchix Rossiya Federatsiyasida qidiruvga berildi. Pevchixning kartasi Rossiya Ichki ishlar vazirligi qidiruvdagi shaxslar bazasida paydo boʻlgani 21 dekabr, payshanba kuni maʼlum boʻldi – bu haqda Rossiyaning “Mediazona” nashri xabar berdi. Bundan tashqari, maʼlumotlar bazasida “Populyarnaya politika” YouTube-kanali moderatori Dmitriy Nizovsevning kartasi mavjud — u ham qidirilmoqda.

Pevchix va Nizovsev “Jinoyat kodeksining moddasi boʻyicha” qidiruvda ekani aytiladi, Ichki ishlar vazirligining ochiq maʼlumotlar bazasida bu qaysi ayblov bilan bogʻliqligi aniqlashtirilmagan. Avvalroq, 2022 yil avgustida Aleksey Navalniy jamoasi tomonidan yaratilgan “Populyarnaya politika” dasturining sakkiz nafar boshlovchisi, jumladan Mariya Pevchix va Dmitriy Nizovsev Rossiya armiyasi haqidagi “feyklar” va terrorizmni oqlash boʻyicha jinoiy ishlarga jalb qilingani haqida xabar berilgan edi. Hozirda Mariya Pevchix ham, Dmitriy Nizovsev ham Rossiya Federatsiyasidan tashqarida.

2023 yil iyun oyida Navalniyning Ufadagi shtab-kvartirasi sobiq rahbari Liliya Chanisheva yetti yarim yilga ozodlikdan mahrum etildi. Ufadagi Kirov tuman sudi uni “ekstremistik hamjamiyat yaratish”, “ekstremizmga chaqirish”, shuningdek, “fuqarolarning shaxsi va erkinliklariga tajovuz qiluvchi nohukumat tashkilot tuzish”da aybdor deb topdi.

2022 yil may oyida FBK sobiq direktori Ivan Jdanov Moskvadagi Basmanniy sudi tomonidan ekstremistik hamjamiyat yaratish va firibgarlikda ayblanib, sirtdan hibsga olingan edi. 2021 yilda Jdanov Nagatinskiy sudi tomonidan “sud qarorini notoʻgʻri bajarmaganligi” uchun sirtdan hibsga olingan va yil boshida Rosfinmonitoring uni “terrorchilar va ekstremistlar roʻyxati”ga qoʻshgan. U ham xalqaro qidiruvga berilgan. Jdanov Rossiyani 2019 yilning kuzida tark etgan.

2021 yil oktyabr oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi FBKning sobiq advokati Lyubov Sobolni qidiruvga bergan, u ham oʻsha yili avgust oyida Rossiyani tark etgan. 2022 yil iyun oyida Moskva shahar sudi Lyubov Sobolning erkinligini cheklashni koloniyadagi 6 oylik haqiqiy qamoq bilan almashtirishni maʼqulladi.

2021 yil sentabrida Rossiya Ichki ishlar vazirligi Navalniy shtab-kvartirasining sobiq rahbari Leonid Volkovni qidiruvga bergan edi. Rossiyada Navalniyning boshqa sheriklari, jumladan Kira Yarmish, Georgiy Alburov, Ruslan Shaveddinov va Vyacheslav Gimadiga nisbatan ham jinoiy ish ochilgan.

Aleksey Navalniy 2021 yilning yanvarida Germaniyadan Rossiyaga qaytganidan soʻng darhol qoʻlga olingan, u yerda “Novichok” sinfidagi modda bilan zaharlanib, davolanish va reabilitatsiyadan oʻtayotgan edi. Keyin u aybdor deb topilib, 2 yil-u 8 oyga ozodlikdan mahrum etildi. 2022 yil mart oyida Navalniy firibgarlikda, keyin esa sudyani haqorat qilishda aybdor deb topilib, 9 yilga qattiq tartibli koloniyaga (jinoyatlar birikmasi uchun) joʻnatilgan edi.

2023 yil avgustida Aleksey Navalniy Moskva shahar sudi tomonidan “ekstremistik hamjamiyat”ni tashkil etganlikda ayblanib, maxsus rejimli koloniyaga 19 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Rasmiylarga koʻra, bunday jamoa u tomonidan asos solingan FBK edi. 1 dekabr kuni Navalniy unga qarshi yana bir jinoiy ish — vandalizm moddasi boʻyicha qoʻzgʻatilganini maʼlum qildi. 2023 yil 6 dekabrdan beri Navalniyning sheriklari, advokatlari va qarindoshlari u bilan bogʻlana olmayapti. 15 dekabr kuni Federal jazoni ijro etish xizmati Navalniyning boshqa koloniyaga oʻtkazilgani haqida eʼlon qildi va 18 dekabr kuni Navalniyning koloniyada saqlash sharoitlari haqidagi daʼvolarini koʻrib chiqayotgan sudlar uning qayerdaligi aniqlanmaguncha bu jarayonlarni toʻxtatib qoʻygani maʼlum boʻldi.

2021 yilda Navalniyga tegishli FBK va Fuqarolar huquqlarini himoya qilish jamgʻarmasi, shuningdek, Navalniy shtablari Rossiya Federatsiyasida ekstremistik tashkilotlar deb tan olingan. Notijorat tashkilotlar tugatildi, ijtimoiy harakat faoliyati taqiqlandi, Rossiya Federatsiyasi Adliya vazirligi FBK, Fuqarolar huquqlarini himoya qilish jamgʻarmasi va Navalniy shtablari harakatini taqiqlangan tashkilotlar reyestriga kiritdi.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.