Huquq tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatlik ish tartibiga o‘tkaziladi – prezident topshirig‘i
Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 dekabr kuni qish mavsumini betalafot oʻtkazish boʻyicha vazifalarning bajarilish holati muhokamasi boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Yigʻilishda ayrim hududlarda energetika tizimida kuzatilayotgan muammolar muhokama qilindi. Prezident ijtimoiy tarmoqlarda bildirilayotgan fikrlarga alohida eʼtibor qaratdi.
Masalan, Namangan viloyatidagi gaz quyish shoxobchalarida gaz kamaygan. Andijon viloyatining Baliqchi, Paxtaobod, Marhamat va Andijon tumanlarida havo sovushi bilan elektr energiyasi bilan bogʻliq muammolar koʻpaygan. Qashqadaryo viloyati Gʻuzor va Kasbi tumanlarida elektr koʻp oʻchayotgani maʼlum qilingan.
Davlat rahbari bunday kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida oldini olish lozimligi yana bir bor taʼkidlab oʻtdi. Elektr tarmoqlari va gaz taʼminoti mutasaddilariga avariya brigadalarini shay holatga keltirib, tun-u kun ishlashini taʼminlash, zarur vosita va materiallar zaxirasini koʻpaytirish boʻyicha topshiriq berildi.
Bu yil koʻmir taʼminotida ham yangi tizim yoʻlga qoʻyildi. Hududlardagi omborlarda turgan koʻmirni aholiga va ijtimoiy sohaga yetkazilishini kundalik nazoratga olish, isitish tizimi davlat-xususiy sherikka oʻtkazilgan obyektlarda zarur koʻmir zaxirasini yaratish kerakligi aytildi.
Energiya resurslaridan oqilona foydalanish, qonunga xilof holatlarni cheklash muhimligi ham koʻrsatib oʻtildi.
Bugundan boshlab barcha huquq tartibot organlari va ijtimoiy infratuzilma xizmatlari 24 soatlik ish tartibiga oʻtishi belgilandi.
Yigʻilishda Yangi yil bayrami oldidan aholi farovonligi uchun sharoitlarni yanada yaxshilash masalalariga ham alohida eʼtibor qaratildi. Madaniy tadbirlar yuqori darajada oʻtkazilishi, koʻngilochar dasturlar va xizmatlarni koʻpaytirilishi qayd etildi. Shuningdek, bozorlarda arzonlashtirilgan savdo yarmarkalari tashkil etiladi. Narx-navolarni asossiz oshirishga urinish Bosh prokuratura tomonidan nazoratga olinadi.
Shuningdek, jamoat transportlarining barqaror qatnovini taʼminlash, metro va avtobuslarda aholiga sifatli xizmat koʻrsatish muhimligi taʼkidlandi. Bekatlarda sharoitlarni yaxshilash, yoʻllarni tozalash va harakat xavfsizligini oshirish masalalariga ham toʻxtalib oʻtildi.
Yigʻilishda qishga tayyorgarlik boʻyicha Hukumat komissiyasi va boshqa mutasaddilarning hisoboti eshitildi.
