Feyk

«Hordiq.uz» Air Canada uchuvchilarining piketi haqida feyk xabar tarqatdi

“Hordiq.uz” sayti oʻzining Instagram sahifasida “Air Canada” uchuvchilari “Pearson” (Toronto, Kanada) aeroportidagi piketni Falastin va Isroil mojarosi sabab tashkil qilinganini maʼlum qildi.

Instagram ijtimoiy tarmogʻida 700 ming martadan ortiq koʻrilgan video quyidagicha izohlanadi:

Bular musulmonlar emas. Ammo amaliy ishga qoʻl urishdi: ish tashlashdi. Endi samolyotlar uchmaydi. Hukumat ularning talablarini qondirishga majbur. Uchuvchilar Falastin uchun mana shunday ish qilishdi…

28 mingdan ortiq like yiqqan ushbu video “Hordiq.uz”ning Instagram sahifasiga joriy yilning 25-oktyabr kuni yuklangan. Hordiq.uz saytidan giper havola berilgan ushbu sahifa 20 mingdan ortiq obunachiga ega.

Screenshot-2023-11-30-at-03-16-30
© Foto: “Hordiq.uz” nashrining Instagram sahifasidan skrinshot

700 dan ortiq izoh qoldirilgan videoga turlicha munosabatlar bildirilgan. Baʼzi foydalanuvchilar ushbu xabarning feyk ekanligini va videodagi xabar oʻzgartirilishi kerakligini ham soʻrashgan.

“Hordiq.uz”ning Instagram sahifasida 1 oydan ortiq vaqt mobaynida turgan ushbu xabar yolgʻon. Aslida videoda 2023-yilning 29-sentyabr kuni “Air Canada” uchuvchilari Torontoning “Pearson” aeroportida ish haqi va ish sharoitlarini yaxshilashga chaqirish uchun namoyishga chiqishgani tasvirlangan.

Buyuk Britaniya, AQSH, Irlandiya, Fransiya, Niderlandiya, Belgiya, Italiya, Yaman, Bangladesh va Pokistonda Yaqin Sharqdagi urush boshlanganidan buyon Falastinni qoʻllab-quvvatlab yirik namoyishlar oʻtkazildi. 11-noyabr kuni Londonda boʻlib oʻtgan aksiyada yuz minglab kishilar qatnashgan. Ular Gʻazo sektorida zudlik bilan oʻt ochishni toʻxtatishni talab qilishdi.

7-oktyabr kuni ertalab HAMASning harbiy qanoti — “Izzaddin al-Qassam brigadalari” Isroilga qarshi “Al-Aqso toʻfoni” operatsiyasi boshlanganini eʼlon qildi. Gʻazo sektoridan Isroil tomon minglab raketalar otildi, qurolli guruhlar Isroil aholi punktlariga kirdi.

2023-11-30-03-49-36
© Foto: VOA News

HAMASning bildirishicha, operatsiya bosib olingan Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidiga bostirib kirish va isroillik muhojirlarning falastinliklarga nisbatan zoʻravonligi kuchayib borayotganiga javoban amalga oshirilgan.

Bunga javoban Isroil armiyasi Gʻazo sektorida HAMASga qarshi oʻnlab qiruvchi samolyotlardan foydalangan holda “Temir qilichlar” operatsiyasi boshlanganini eʼlon qildi.

Isroil-Falastin mojarosi avj olgandan beri 15 mingga yaqin falastinlik halok boʻldi. Isroilda qurbonlar soni 1400 dan oshadi. Gʻazoning 2,3 million aholisi Isroilning havodan ommaviy bombardimon qilishi va eksklavning toʻliq blokadasi tufayli oziq-ovqat, suv va dori-darmonlar tanqisligidan aziyat chekmoqda.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.