Zaxarovadan feyk: Bayden Isroilda tugʻilgan boʻlsa, AQSh prezidenti boʻlib saylana olmaydi
Yangilangan: 29.04.242 daqiqa o‘qishMuallif: ikhtiyorrakhman
TASS axborot agentligi ingliz tilida nashr qilgan maqola sarlavhasida agarda Bayden Isroilda tugʻilgan boʻlsa, AQSh prezidentligiga saylana olmaydi deyiladi.
“Biden ineligible to be elected US president if born in Israel — Russian diplomat” (agar Bayden Isroilda tugʻilgan boʻlsa, AQSh prezidenti etib saylana olmaydi — rossiyalik diplomat).
Maqolaning ruscha versiyasida sarlavha biroz yumshoqroq tuzilgan: “Zaxarova Baydenning Isroilda tugʻilganligi haqidagi bayonotiga izoh berdi. Rossiya TIV rasmiy vakiliga koʻra, bu uning AQSh prezidenti etib saylana olmasligini anglatadi”. Xabarlar manbasi Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarovaning Telegram-kanalidagi posti boʻlib chiqdi:
Baydenning bayonoti haqida maʼlumot manbai sifatida Zaxarova Vladimir Solovyovning Telegram-kanalidagi postga havola taqdim etdi, ammo bu post keyinchalik oʻchirildi. Keling, Zaxarova AQSh prezidentining saylanishiga oid bunday noodatiy bayonotni qayerdan olganini tushunishga harakat qilamiz.
Uning posti 18-oktyabr kuni Britaniya yoz vaqti (BST) 16:38 da paydo boʻldi. Oʻsha kuni Oq uyning rasmiy veb-saytida “Prezident Baydenning 7-oktyabrdagi terror xurujlari va Isroil davlati hamda xalqining chidamliligi haqidagi soʻzlari” eʼlon qilindi. Bu Baydenning Isroilga tashrifi paytida sodir boʻlganligi sababli, eʼlon Isroil kunduzi vaqti (IDT) 17:06 bilan belgilangan, bu BST 15:06 ga toʻgʻri keladi. Aftidan, Zaxarova Baydenning ushbu nutqiga munosabat bildirgan.
Aslida rasmiy bayonotda Baydenning tugʻilgan joyi haqida soʻz boradimi? Mutlaqo yoʻq. Ammo tugʻilish haqida quyidagi soʻzlar keltiriladi:
“Isroil davlati butun dunyodagi yahudiylar uchun xavfsiz joy boʻlish uchun tugʻilgan. U shu sabab dunyoga keldi.“
Asl nusxada bu shunday eshitiladi:
The State of Israel was born to be a safe place for the Jewish people of the world. Thatʼs why it was born.
Ehtimol, Zaxarova yoki uning kanalidagi havolani hisobga olsak, Solovyovning kanalini boshqaradigan kishi TV efirida “mening tugʻilgan joyim” — “thatʼs where I was born”, deb xato eshitgandir. Boshqa tushuntirish topish biroz mushkul.
Barcha biografik maʼlumotlarga koʻra, Bayden 1942-yil 20-noyabrda Pensilvaniya shtatining Skranton shahrida tugʻilgan. Isroil davlati u vaqtda hali mavjud emas edi.