Oʻzbekistonda o’qishga kirish uchun hujjat topishrgan abituriyentlar kamaydi
2023-2024-oʻquv yili uchun oliygohlarning bakalavriatiga hujjat topshirgan abituriyentlar soni 1 million 18 ming kishini tashkil qildi. Bu haqda Bilim va malakalarni baholash agentligi 21-iyul kuni maʼlum qildi. Bu oʻtgan yilgi koʻrsatkichdan ancha kamdir. Davlat test markazi 2022-yilda 1 million 146 ming 744 nafar abituriyent roʻyxatdan oʻtgani haqida bildirgan.
20-iyul kuni Oʻzbekiston oliygohlariga hujjatlarni qabul qilish jarayoni yakunlandi. Abituriyentlarning 577 096 nafari kunduzgi, 24 802 nafari kechki, 407 945 nafari sirtqi va 8 164 nafari masofaviy taʼlim shaklini tanlagan.
Abituriyentlar eng koʻp hujjat topshirgan oliygoh Oʻzbekiston milliy universiteti boʻldi. Bu oliygoh 36 782 nafar abituriyentning hujjatini qabul qilib olgan. Toshkent davlat transport universitetiga 30 421 nafar, Fargʻona davlat universitetiga 29 941 nafar, Toshkent davlat pedagogika universitetiga 28 827 nafar, Qarshi davlat universitetiga 28 417 nafar abituriyent hujjat topshirdi.
Abituriyentlarning 890 304 nafari oʻzbek, 95 456 nafari rus, 29 917 nafari qoraqalpoq, 2 330 nafari boshqa tillarda oʻqish istagini bildirgan.
