Feyk: Pavel Durov Telegramni Oʻzbekiston uchun yopishi mumkin
Telegram messenjeri orqali navbatdagi antiqa feyk xabarda Telegram asoschisi Pavel Durov Oʻzbekistonda messenjerni yopish masalasini koʻrib chiqayotgani aytiladi. “Kanallarni dodasi — TEZKOR UZ” Telegram kanalida goʻyoki bunga oʻzbekistonlik foydalanuvchilarning messenjerdagi kanallar ustidan Telegram maʼmurlariga tinimsiz shikoyatlari sabab boʻlgan.
Ikki mingga yaqin koʻrilgan xabarda “Kelajakda Telergamʼni VPN bilan ishlatamiz shekilli…“, deyiladi.
Ushbu xabar yolgʻon boʻlib, Pavel Durov ham Telegram maʼmuriyati ham messenjerning biron davlat uchun yopilishi haqida xabar bermagan.

Maʼlumot uchun, Telegram ilovasi 2013-yilda Pavel Durov tomonidan yaratilgan. 2022-yil oʻrtalariga kelib, uning faol foydalanuvchilari soni 700 milliondan oshdi.
Ilova Oʻzbekistondagi eng ommabop messenjer hamdir: rasmiy maʼlumotlarga koʻra, mamlakatda 18 million kishi bu ilovadan foydalanadi.
Telegram oʻz foydalanuvchilaridan (garchi ular dunyoning istalgan davlatida boʻlsa-da) hech qanday pul olmaydi. Faqatgina 2022-yilga oʻrtalariga kelib, ilovaning bepul versiyasi toʻla saqlanib qolgan holda, uning pulli – Premium versiyasi taqdim etildi.
Oʻzbekiston Telegramda kanallar soni boʻyicha Rossiyadan keyin ikkinchi oʻrinda turadi. Bu haqda Telegram haqidagi mualliflik kanali asoschisi, rossiyalik Georgiy Lobushkin ijtimoiy tarmoqning Oʻzbekistondagi statistikasi bilan oʻrtoqlashganda maʼlum qilgan edi.
