Axborot xavfsizligi

“Sifatsiz ovqat haqida sifatli axborot boʻlishi mumkin emas” yoxud reklamaning aldamchiligi haqida

Bundan 5 yilcha burun “Kopirayting” fanidan saboq bergan edim. Darslar juda samarali oʻtdi. Talabalarimning aksariyati keyinchalik shu faoliyat bilan shugʻullanib, 2 ming dollargacha miqdorda maosh olishdi. Menga qoʻngʻiroqlar qilib, minnatdorlik bildirishdi. Bu yutuqlardan juda ruhlandim. Soʻngra oʻzimda bor materiallarni jamlab, yetmaganlarini toʻldirib, barcha kopirayterlarga, umuman, keng omma va havaskorlarga moʻljallangan “Kopirayting” oʻquv qoʻllanmasini yoza boshladim. Biroq uni tugatishga vijdonim yoʻl qoʻymadi. Nega deysizmi, u holda eshiting.

Kopirayting buyurtma boʻyicha matn tayyorlashni nazarda tutuvchi faoliyat turi boʻlib, asosan “sotuvchi matn”, yaʼni reklama materiallarini yozishni oʻrgatadi. Reklamada tijoriy maqsadlar soʻz vositasida amalga oshiriladi. Kopirayting ilmi orqali reklama materiallarini, shiorlarini yaratishda taʼsirchanlik taʼminlanadi. Odamlarning shu mahsulotni xarid qilishi va bu harakatni tezroq amalga oshirishi uchun ishontirishning barcha koʻrinishlaridan foydalaniladi.

Biroq meni quyidagi savollar qiynadi: odamlarni bu tarzda ishontirish nechogʻli toʻgʻri? Biz marketing nayrangi sabab qop­qoqmaniyaga uchragan, sogʻliq uchun foydali boʻlmagan ichimlikni haddan ziyod ichayotgan bola, garchi uncha zarur boʻlmasada, reklama sabab moʻjizaviy taʼsiriga ishonib, biron-bir mahsulotni xarid qilayotgan yoki xizmatdan foydalanayotgan inson oldida aybdor emasmizmi? Reklama tilidagi boʻrttirishlar tufayli qishloqda yashovchi sodda dehqon ikki qop joʻxorisini sotib, bolalariga bir kilo goʻsht olish oʻrniga televizorda koʻrsatilayotgan lotoreyali mahsulotlarni olsa, bu normal faoliyatmi?

Shularni oʻylab, reklama matnlarini yozishni emas, balki odamlarga ularni toʻgʻri tahlil qilish, toʻgʻri tushunish, manipulyativ taʼsirlarni aniqlay olishni oʻrgatishim kerak, degan qarorga keldim. Alqissa, kopirayting emas, mediasavodxonlik boʻyicha ilmiy izlanish­lar olib bordim.

Reklamaning kuchi takrorda

Kuzatuvlarimga koʻra, reklamani qabul qilishda asosiy muammo tafakkurda mantiqiy va tanqidiy fikrlashning oʻchirilishidir. Odamlar reklama qilinayotgan mahsulot yoki tovar yaxshi boʻlgani uchun emas, balki u pul toʻlagani uchun maqtalayotganini mohiyatan toʻla anglashmaydi. Qolaversa, reklama matnlarini yaratishda ongga, ong ostiga taʼsir qilishda qoʻllaniladigan usullar borligini bilishmaydi.

Vaholanki, iqtisodiy axborot reklama koʻrinishida boʻlib, unda ishontirishning assotsiatsiya, nostalgiya, chiroyli qiyofalar, efemizm, ekstrapolyatsiya, analogiya, chalgʻitish, guruh dinamikasi, yumor, qoʻrquv kabi usullaridan, sotuvchi mediamahsulot yaratishning AIDA, PPPP kabi formulalari va taʼsir vositalaridan faol foydalaniladi. Axborot taʼsiri va qamrovini oshirish esa SEO va SMM texnologiyalari orqali amalga oshiriladi. Natijada axborot isteʼmolchilarining xarid jarayonidagi tanlovi reklama, brend mahsulotlar orqali boshqariladi. Ayniqsa, bolalar va oʻsmirlar reklama qilingan mahsulotni tanovul qilishga, brenddagi kiyimni kiyishga, hatto media taʼsirida kasb tanlashga intiladilar.

Reklamaning asosiy taʼsiri uning koʻp takrorlanishidir. Eʼtibor bergan boʻlsangiz, baʼzida avvaliga gʻashingizga tekkan reklama ham keyinchalik odatiy ahamiyat kasb etadi, hatto oʻzingiz bilmagan holda undagi soʻzlar yoki harakatlarni takrorlay boshlaysiz. Tovush, soʻz va tasvir ongga shu tarzda “quyilib qoladi”.

Jurnalistikada bir gap bor: “Takrorlayvering, takrorlayvering, haqiqatga aylanmasa, men kafil”. Takrorlashning dahshatli kuchi insonning “dasturlay” olishida. Shuning uchun beozorgina gapirib turgan televizoringizni zarurat boʻlmaganda oʻchirib qoʻying. Mobil ilovalarning reklamasiz variantlarini ishlating. Brauzeringizda reklamalarni oʻchirib qoʻyish funksiyasidan foydalaning.

Sovgʻalardan voz keching

Agar siz oʻz xarajatlaringiz, qolaversa, fikrlaringiz va harakatlaringizni nazorat qilishni, mustaqil qarashga ega boʻlishni istasangiz, hech qachon tekinga narsa olmang. Sovgʻalar va chegirmali kuponlardan voz keching. Shu zayl ong ostini “qarz”lardan xalos qiling. Chunki siz inson – ijtimoiy individ sifatida sovgʻani xayrixohlik va eʼtibor sifatida qabul qilasiz hamda bunga javoban mana shu brendga sodiqligingizni namoyon eta boshlaysiz. Marketologlar buni juda yaxshi bilishadi.

Koʻpincha bir narsani xarid qilsangiz, sovgʻa qoʻshib beriladi. Bittasini oling, ikkinchisi tekin. Shoshib onlayn buyurtma qilsangiz, qadoqda mahsulot ikkita boʻladi. Oʻrta ichida tekinga uchib, ahmoq boʻlganingiz qoladi.

Demak, sizni manipulyatsiya qilishlarini istamasangiz, hech qachon hech narsani tekinga olmang. Afsuski, bizning dunyoda hech narsa bepul berilmaydi. Sotuv narxlari “inʼom”ga ketgan xarajatlarni qoplaydi.

Ishontirish usullari

Reklama materiallarini yaratishda ishontirishning assotsiatsiya (bogʻlash, oʻxshatish) usuli koʻp qoʻllaniladi. Unda mahsulot yoki xizmat sizga yoqimli biror narsaga, masalan, xursandchilik, goʻzallik, xavfsizlik, muvaffaqiyat, boylik, moʻjiza va boshqa tushunchalarga bogʻlanadi. Oilangizga gʻamxoʻrlik qilish, gʻalaba qozonish, hayotingizda moʻjiza sodir boʻlishi, birdaniga boyib ketish holatlari yuz beradiganday tuyuladi. Biroq aslida unday boʻlmaydi. Reklama yoqimli obrazlarga mahsulotni bogʻlasa-da, bu narsalar sizning hayotingizda yuz berishini vaʼda qilolmaydi.

Baʼzi reklamalar mazmunida hamma shu narsani xarid qilyapti yoki aqlli kishilarning barchasi shunday qiladi, degan qarash mavjud boʻlishi mumkin. Bu qadam-baqadam usuli. Agar reklamada koʻp odam ishtirok etgan boʻlsa, sergak tortishingiz kerak. Chunki inson ijtimoiy individ sifatida konformizmga, yaʼni boshqalarning harakatlarini koʻr-koʻrona qaytarishga moyil. Masalan, bozorga borgan kishi boshqalar biror mahsulotga navbatda turgan boʻlsa, oʻsha mahsulot unchalik zarur boʻlmasa ham navbatga turib olgisi kelib qoladi. Bu siz ham uni olishingiz shart degani emas. Kerak boʻlmasa, olmang, tamom-vassalom!

Chiroyli odamlar usulida biror mahsulotni isteʼmol qilsangiz yoki biror kosmetikani ishlatsangiz, siz ham shunday koʻrinishga ega boʻlasiz, ­deyilmoqchi boʻladi, biroq bunga vaʼda berilmaydi. Mashhur odamlar usuli ham shu tariqa ­eʼtiborimizni qozonishga qaratilgan. Biroq mashhurlar bu reklamada chiqish uchun katta mablagʻ olishini bilishimiz, u bizning mustaqil qaror qabul qilishimizga taʼsir qilmasligiga erishishimiz kerak. Ekspertlar usulida olimlar, oʻqituvchilar, shifokorlar va boshqa mutaxassislar reklamada koʻrinish berishadi. Ular shunchaki aktyorlar ekanini nazardan qochirmang. Taqrizlar usulida mahsulotga taalluqli turli hujjatlar keltiriladi. Biroq bir oʻylab koʻring, nimaga shuncha sertifikatga ega boʻlgan dori aptekada sotilmayapti?

Auditoriya bu usullardan zerikkan paytda oddiy odamlar usuli yordamga keladi. Unda mahsulot siz kabi oddiy va odmi inson tomonidan namoyish etiladi. Siz oʻzingizni unga qiyoslab, qanoat hosil qilasiz, koʻnglingiz koʻtariladi. Supermen yoki yulduzlar oldidagi kabi oʻzingizni nochor-notavon his qilmaysiz. Pirovardida u taklif etayotgan mahsulotga xayrixohlik va qiziqish bildirasiz.

Reklamada koʻpincha sizda boshqacharoq kayfiyat va holat paydo qilishga urinishlar kuzatiladi. Jumladan, qoʻrquv usulida “yechim” (yaʼni, mahsulot yoki xizmat)ni ilgari surish uchun sizga yoqmaydigan yoki qoʻrqitadigan narsalardan foydalaniladi. U ogʻriq beruvchi formula shaklida ham ifodalanadi. Bu semizlik, oʻqishga kirolmay qolish, yuqori miqdordagi qarz kabi yoqimsiz, muammoli holatlar boʻlishi mumkin.

Kulganimizda oʻzimizni yaxshi his qilishimiz sababli reklama beruvchi baʼzida bizni kulishga majbur qiladi, soʻngra oʻz mahsuloti yoki logotipini namoyish qilishga kirishadi, bu bilan mahsulotiga nisbatan yaxshi kayfiyat uygʻotishga intiladi. Keyin oʻsha mahsulotni doʻkonda koʻrganimizda shu kayfiyatni takrorlagimiz kelib qoladi. Koʻp sonli reklamalarda yumordan foydalaniladi, chunki bu ishontirishning qudratli texnikasi hisoblanadi.

Reklama tilidagi kuchaytirishlar – eng yaxshi, eng tezkor, eng arzon; qiyoslashlar – koʻproq, yaxshiroq, arzonroq, kaloriyasi kamroq; ajoyib, hamisha, hayratomuz kabi mubolagʻalar va mahsulotni maqtash uchun boʻrttirishning boshqa koʻplab koʻrinishlarini intensivlik usuliga misol qilib keltirish mumkin.

Shuningdek, reklama beruvchilar bizni xushomad orqali osongina boshqaradi: katta harflardagi Siz yaxshi ishlayotganingizni, bunga haqli ekanligingizni eʼtirof etish barobarida oʻz mahsulotini taqdim etadi. Garchi, maqtovlar yoqsa ham, unga erib ketmang, reklama mazmunini tahlil qiling. Mahsulot xususiyatlari reklamada keltirilgani bilan mosmi-yoʻqmi, shuni tekshiring.

Nostalgiya (sogʻinch) usuli insonlar oʻtmishdagi yomonliklarni unutishga, yaxshi xotiralar bilan yashashga moyilligi sababli samara beradi. Bu turdagi reklamada ehtimol bolaligingizdagi muzqaymoq taʼmi vaʼda qilinar, biroq u ham sizni ishontirishga qaratilgan texnika ekanini esdan chiqarmang.

Reklamada aksiya muddati, mahsulotlar soni cheklangani haqida gapirilsa, bilingki, yana sizni ishontirishga va boshqarishga harakat qilishmoqda, shoshilinch qaror chiqarishga majburlashmoqda. Bunga aldanmang, shoshmasdan qaror qabul qiling.

Formulalar yanada taʼsirchan

Reklamani odamlar reklama beruvchilar istaganidek ishonuvchanlik bilan qabul qilishi uchun boshqa qator formulalardan ham foydalaniladi. Masalan, RRRR (Picture – Promise – Prove – Push). Yaʼni, biror chiroyli qiyofaga ega surat koʻrsatilib, siz ham shunday boʻlishingizga vaʼda beriladi, faktlar isbotlanadi va xaridni amalga oshirish soʻraladi.

Yoki mumtoz formula AIDA (Attention – Interest – Desire – Action)da diqqat jalb etiladi, qiziqish uygʻotiladi, xohish paydo qilinadi, harakatga undaladi. “Before – After – Bridge” formulasiga koʻra, “oldin” (Before) sizning olamingiz koʻrsatiladi, “keyin” (after) unda mavjud muammolar yechim top­gani hamda bu olamga qanday “koʻprik” (bridge) orqali kirish mumkinligi reklama qilinayotgan mahsulot vositasida namoyish etiladi. Insonlarga taʼsir oʻtkazishni nazarda tutuvchi bunday formulalar koʻp.

Bundan tashqari, global tarmoqda biron-bir mavzu boʻyicha qidiruvga kalit soʻz kiritganingizda qidiruv natijalari oynasida dastlabki maʼlumotlar aksariyat hollarda reklama huquqi, undan keyin ham SEO (qidiruv tizimlari optimizatsiyasi) qonuniyatlari asosida joylanishini esdan chiqarmang. Shuning uchun qidiruvda chiqqan birinchi saytlargagina emas, keyingi sahifalarga ham moʻralab qoʻying, ancha yaxshi manbalarga duch kelasiz.

Uchinchi toʻlqin mohiyati

Marketing va reklama tadqiqotlari doirasida ahamiyatli shaxslardan biriga aylangan mutaxassis Styuart Jonson “Network Marketing Lifestyles” jurnaliga bergan intervyusida “Internet – reklama – biznes” hamkorligining rivojlanish bosqichiga uch toʻlqinli tasnif bergan. Uchinchi toʻlqinni “Isteʼmolchi – isteʼmolchi uchun” deb nomlagan. Buni ishlab chiqaruvchilar xaridor uchun kurashda reklamaga millionlab dollar sarflayotgan bosqich deyish mumkin. Bozorda mahsulotlar assortimenti juda kengligi sabab isteʼmolchi qay bir mahsulotni tanlashini bilmay, ikkilanib qoladi.

Biznes vakillari esa uni oʻz mijoziga aylantirish uchun reklamaga zoʻr berishadi. Endilikda mahsulotlar kurashi reklamalar kurashiga koʻchdi. Internetda paydo boʻlgan minglab reklamalar xaridor nigohida, ayniqsa, auditoriyaning idroki oshayotgan va tajribasi oʻsayotgan sharoitda absurdga aylanadi. Natijada isteʼmolchi muayyan mahsulotni sotib olishda muqaddam undan foydalangan boshqa isteʼmolchining axborotiga qiziqadi. Ish fikrlar va maslahatlarga oʻtadi, “Isteʼmolchi – isteʼmolchi uchun” ishlay boshlaydi.

Demak, biror mahsulot haqida mijozlar fikri berilsa, uning ham uyushtirilganligi ehtimoli yuqori. Ijobiy fikrlar, sharhlar, munosabatlar buyurtma asosida tayyorlanmoqda va ijtimoiy tarmoqlarga joylanmoqda.

Albatta, reklama toʻliq holda salbiy hodisa emas. Uning xabardor etish funksiyasi birlamchi ahamiyatga ega boʻlib, odamlarga zarur mahsulot va xizmatlar haqida maʼlumot berib, naf keltiradi. Faqat reklama mazmuni haqiqatga mos boʻlsin. U mijozlarni aldamasligi va behuda umidvor qilmasligi kerak. Odamlar reklamadagi boʻrttirishlar haqqoniylikdan chetga chiqqanida buni aniqlay olishlari va oqilona baholashlari shart. “Sifatsiz ovqat haqida sifatli axborot boʻlishi mumkin emas!” degan shior esa har doim reklamani baholashning asosiy tamoyili hisoblanishi lozim.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.