Amir Temurning axborot siyosati
Arab tarixchisi Shihobuddin ibn Arabshoh (1388-1450)ning yozishicha, Amir Temur (1336-1405) piri Abu Bakr Toyibodiyning “rasti-rusti”, yaʼni “haqgoʻy boʻlsang, najot topasan” hikmatini tamgʻasiga muhr sifatida oʻrnashtirgan edi. Ibn Arabshoh Amir Temur shaxsiga baho berar ekan, istehzo va soxtalikni yoqtirmasligi, masalaning mohiyatini darhol payqashi, farosati bilan haqgoʻy — yolgʻonchini darrov farqlab olishini taʼkidlaydi. Bu uning davlatda axborot siyosatini yuritishida ham aks etar edi.
Ijtimoiy adolat va haqiqat qadriyati Amir Temurning davlat boshqaruvida muhim oʻrin tutadi. Toʻgʻri soʻz, haqqoniy xabarning foydasi koʻpligi, yolgʻon davlatni yemirishini inobatga olgan Amir Temur oʻz tuzuklarida xabar beruvchilar kimligi, daʼvolarining rost-yolgʻonligini mahaktoshiga urib tekshirishni buyuradi. Mahaktosh oltinga surtib asl yoki soxtaligini aniqlab beradigan qora tusli tosh boʻlib, bu oʻrinda koʻchma maʼnoda ishlatilgan. Bu faktchekingning qadimiy koʻrinishi. “Chunki koʻp hollarda hasadchilar va gʻiybatchilar yo koʻrolmay yoki tamagirlik bilan yolgʻon toʻqib, chinday qilib yasab chiqaradilar va palid maqsadlariga yetishadilar. Davlat ichida talay olchoq, yomon odamlar bordurki, davlat dushmanlarini yaxshilab, uning jonfidolarini turli makr-hiylalar bilan xarob qiladilar”.
Amir Husayn Amir Temurning vazirlaridan birini aldab, davlatning tayanchi, ikki qoʻli boʻlgan amir Iki Temur va amir Jokuni unga qarshi qoʻymoqchi boʻlib, gap chiqarganida ham Amir Temur axboriy xuruj va dezinformatsiyani yaxshi anglagan. “Men uning xiyonatini farosatim-la sezib qoldim, shuning uchun ular xususida aytilgan hamma gaplarni eshitmaganga oldim”. Amir Temur odamlar oldida ulugʻ va eʼtiborli amirlardan boʻlgan amir Abbosga hasad va dushmanlik qilib, uning haqida boʻlmagʻur gaplar yetkazganida, yolgʻon soʻzlarga ishonib, gʻazab ustida gaplarini tekshirib koʻrmasdan amir Abbosni oʻlimga buyurganidan qattiq pushaymon boʻladi.
Amir Temur oʻz mamlakatida axboriy tizim yaratadi. Faqat bu shakl ommaviy axborot almashinuvi emas, Amir Temurning oʻziga axborot yetkazib berishga qaratilgan edi. Shunday boʻlsa-da, rostlik-toʻgʻrilik, yolgʻonga nisbatan murosasizlik prinsiplariga koʻra ahamiyatlidir. Amir Temur har bir sarhad, viloyat, shahar va lashkarda xabar yozuvchi (xabarnavis)lar tayin qiladi, ular hokimlar, raiyat, sipoh oʻzining va yot-begona lashkarning xatti-harakati haqida Amir Temurni xabardor qilishi zarur boʻlgan.
“Temur tuzuklari”da shunday deyiladi: “Atrofdan kirgan-chiqqan mol-mulk, chetdan kirgan va chetga chiqqan yot kishilar, har mamlakatdan kelgan karvonlar va hukmdorlik haqidagi xabarlar, qoʻshni podshohlar, ularning gaplari, ishlari va uzoq oʻlkalardan boʻlib, mening dargohimga yuzlangan ulamo, fuzalo haqidagi batafsil xabarlarni rostlik-toʻgʻrilik bilan menga yozib tursinlar. Agar bunga xilof ish tutguday boʻlsalar, boʻlib oʻtgan voqealarni yozmasalar, yozuvchining xabar yozgan barmoqlari kesilsin. Agar xabar yozuvchi sipoh ishlarini yashirib, xabariga boshqa libos kiygizib (yaʼni yolgʻonni) yozgan boʻlsa, unda ham qoʻlini kessinlar. Agar yolgʻon xabarni tuhmat yoki biron gʻaraz bilan yozgan boʻlsa, uni qatl etsinlar. Va yana amr etdimki, ushbu xabarlarni kunma-kun, haftama-hafta, oyma-oy mening arzimga yetkazib tursinlar”.
Bu mamlakat ichidagi axborot siyosati, xalqaro miqyosda axborot olishga qaratilgan harakatlar qamrovi ancha keng boʻlganidan dalolat beradi. “Amr qildimki, mingta tezyurar tuya mingan, mingta ot mingan yelib-yuguruvchi kishini chopqunchi, ming nafar tezyurar piyodani (chopar) yetib tayinlasinlarki, turli mamlakatlar, sarhadlarning xabarlarini, qoʻshni hukmdorlarning maqsadlari va niyatlarini bilib, huzurimga kelib, xabar qilsinlar, toki biron voqea, kori hol yuz bermasidan burun chora va ilojini qilaylik”. Bu qamrov va yoʻnalishiga koʻra bugungi kundagi axborot agentliklari faoliyati oʻxshaydi, farqi omma uchun emas, davlat va hukmdor uchun ishlaydi, axborotni asosan ogʻzaki shaklda ifodalaydi. XIV asrda axborot almashish asosan choparlar orqali amalga oshirilgan.
Amir Temur xalq holidan xabardorlikka, boshqa mamlakatlardagi voqeliklardan boxabarlikka katta eʼtibor beradi. Bu bugungi zamonda ham dolzarb ahamiyatga ega. Nemis olimlari ushbu qonuniyatga tayanib muhim kashfiyot yaratishdi. “Muhim maʼlumotga ega boʻlish — hokimiyatga ega boʻlish; keraklisini keraksizidan ajratish — yanada koʻproq hokimiyatga ega boʻlish; kerakli maʼlumotni oʻz rejissurasiga asoslanib tarqatish yoki ushlab turish — ikki karra hokimiyatga ega boʻlish demakdir. Odamlarga axborot orqali psixologik taʼsir koʻrsatishning imkoniyatlari ana shunday”, deyiladi Germaniyaning asosiy politologiya darsliklaridan birida.
Urushlar axborot-psixologik kurashlar bilan birga kechadi. Amir Temurning Turkiya sultoni Boyazid Yildirim (1389–1402) bilan kechgan jangining kelib chiqishida axboriy kurash turli yozishmalar tarzida namoyon boʻladi. Avvalboshdanoq bu yetti yillik yurishning (1389–1402) sababi ham fitna, ivgʻo boʻlgan.
Soʻz kuchini anglagan, barcha voqelikdan voqif va ogoh boʻlishga eʼtibor qaratgan, har masalada koʻpdan kengash soʻragan, yaxshi yo yomon soʻzni eshitganda haqiqat ayon boʻlmaguncha shoshmasdan mulohaza bilan ish tutgan Amir Temur toʻgʻrisoʻz kishilarni qadrlaydi, toʻgʻri qalamli kishilardan axbornavislar, voqeanavislar belgilaydi, xabarchilarga ham oʻz holiga qarab suyurgʻol, vazifa va maosh belgilagan.
Mirzo Ulugʻbek (1394—1449)ning “Toʻrt ulus tarixi” asari ham haqiqatni manbalarni bir-biriga muqoyasa qilib sinchiklab oʻrganish va ular keltirgan maʼlumotlarni diqqat bilan tekshirish, yolgʻonni dalil orqali aniqlash, surishtiruv, kuzatuv orqali aniqlash, shubha, ikkilanishdan voz kechish kabi masalalar aks etgani nuqtayi nazaridan ahamiyatlidir.
Alisher Navoiy (1441-1501)ning shoh asari “Xamsa”ning birinchi dostoni “Hayrat ul-abrorning” oʻninchi maqolati rostlik taʼrifida keladi. Toʻgʻrilik haqiqatdan va egrilik yolgʻondan iboratligi, kimning qarashi toʻgʻri boʻlsa, u haqligi, Sulaymonning uzugida “Rosti rusti” yozuvi boʻlgani, toʻgʻrilikni kasb qilish zarurligi kabilar aks etgan. Masalan,
Boshtin-ayoq kimsaki, tuzdur soʻzi,
Yoki boʻyolgʻonu yovuzdur soʻzi
yaʼni bir kishining soʻzlari boshidan oxirigacha toʻgʻri boʻlishi mumkin. Aksincha, boʻyalgan, yovuz boʻlishi ham.
Ulki shior ayladi yolgʻon demak,
Boʻlmas ani eru musulmon demak.
Kimki yolgʻon gapirishni odat qilgan boʻlsa, uni eru musulmon deb boʻlmaydi. Yolgʻonchilar ummatim deyilmasligi kabi taʼsirchan misollardan foydalaniladi.
Yolgʻonchi oʻz gapini oʻtkazish uchun qancha urinmasin, gapini bir-ikki marta oʻtkaza olishi, bu xususiyat elga qancha maxfiy boʻlmasin, yolgʻon baribir oʻzini oxirida maʼlum qilishi, kimki oʻzini yolgʻonchi sifatida tanitgan boʻlsa, rost gapirsa ham xalq uning hamma gapini yolgʻon hisoblashi, kimki yolgʻonchi deb nom chiqargan boʻlsa, oʻzinikilar ham, begonalar ham uni shu ot bilan chaqirar ekan, toʻgʻrilik nomi unga hech qaytib kelmasligi kabi mavzular tilga olinadi. Xulosa beriladi:
Necha zarurat aro qolgʻon chogʻi,
Chin demas ersang, dema yolgʻon dogʻi.
“Sher va durroj” hikoyasi qirgʻovulning chin gapirish oʻrniga yolgʻon gapirib, bir falokat tuzogʻiga ilingani, chin soʻzni sher yolgʻon deb oʻylab, ovozini eshitib, yetib kelmagani va uni balo tuzogʻidan xalos etmagani xususida.
Soʻzda, Navoiy, ne desang, chin degil,
Rost navo, nagʻmagʻa tahsin degil.
Bu kabi misollar oʻzbek auditoriyasidagi tahsil oluvchilarga rostlik, haqiqatni qadriyat sifatida singdirishda yordam beradi, milliy mentalitetimizga koʻra pand-nasihat oʻz samarasini beradi.
