Axborot xavfsizligi

Beruniy axborotlarni qanday tekshirgan?

Buyuk olim va mutafakkir Abu Rayhon Beruniy (973–1048) “Kitob al-jamohir fi maʼrifat al-javohir” (Mineralogiya) asarining “Zumrad haqidagi hikoyalar” bobida zumrad toʻgʻrisidagi turli voqea va afsonalarni keltirib, ularning haqiqatga mos kelishi yoki kelmasligini tekshiradi. Boʻlgan va boʻlmagan safsatalarning xayoliy uydirmalar ekani toʻgʻrisida soʻz ketadi. Xususan, zulmat yurti (goʻyo zumrad, zabarjadlar qorongʻilik mamlakatida boʻladi) xususidagi afsona. Beruniy butun Yer yuzida toʻla qorongʻilik boʻladigan birorta ham yer yoʻqligi, faqat toʻrt tomoni va usti berk joygina bundan mustasnoligi, biroq yilning olti oyida qorongʻi boʻlib turadigan joylar borligi haqida gapirilishi, qolgan olti oyi uzluksiz yorugʻ boʻlishini taʼkidlaydi. “Hayotim nomiga qasam ichamanki, zulmatdan olinadigan zumrad (zulmoniy) haqida gap ketganda chiroqsiz ishlab boʻlmaydigan konlarni koʻzda tutmoq mumkin, xolos”.

Zumradga qarasa, zaharli ilonlarning koʻzi oqib tushishi kabi gaplarni Beruniy uydirma sifatida rad qiladi. Hatto bu “Kitob al-xavvos” kabi manbalarda, Abu Nasr al-Utbiy asarlarida ham aks etgan. U juda koʻp tajribalar orqali shunday xulosaga kelganini bildiradi. Beruniy zumradli munchoqni ilonga oʻrab, zumrad donalarini ilonli savat tagiga sepadi, zumradni ipga bogʻlab, ilonning koʻz oldida silkitadi, bu ishni toʻqqiz oy issiqni issiq, sovuqni sovuq demay bajaradi. Hech qanday natija boʻlmaydi.

“Yomgʻir chaqiruvchi tosh” – “Hajar jolib lil matar” bobida ham faktchekingga oid misollar koʻplab uchraydi. Beruniy shunday xususiyatga ega deb ovoza boʻlgan toshlar toʻgʻrisida soʻzlaydi, u afsonalarning uydirma ekanini tajriba va nazariyadan olingan xulosalar bilan isbotlaydi.

Ar-Roziy “Xususiyatlar haqidagi kitob”da turklar mamlakatida qarluqlar, bajanaqlar va qipchoqlar oraligʻida bir dovon bor, deydi. U yerdan qoʻshin yoki poda oʻtganda, ulovning tuyogʻi kigiz bilan bogʻlanar ekan, aks holda ulovning tuyogʻi yoʻldagi toshlarga tegib qora chang koʻtarilar va yomgʻir yogʻa boshlar ekan. Yana deydilarki, odam qoʻliga bu toshni olib suvga tushsa yoki bu toshni ogʻziga solib, qoʻli bilan har xil harakatlar qilsa, yomgʻir yogʻa boshlar emish. “Kitob an-nuhob”da ham yomgʻir yogʻdiruvchi tosh haqida gapirilgan. Demak, oʻsha davrning koʻplab odamlari bunga ishongan.

Beruniyning huzuriga bir turk shunday toshni keltiradi, uni xursandchilik bilan surishtirmay qabul qiladi deb oʻylaydi. “Yogʻingarchilik mavsumi boʻlmagan paytda u bilan yomgʻirni chaqir. Yoki yogʻingarchilik mavsumida men soʻragan paytda yomgʻir yogʻdir. Shunda men sening qoʻlingdan bu toshni olaman va sen istagan narsani, hatto ortigʻi bilan beraman”, deydi Beruniy. U odam toshni suvga solib suvni koʻkka socha boshladi, bu harakatlarni u turli qiyqiriq va duolar bilan olib borgan edi. Oʻsha odam sochgan suv yerga qaytib tushadi, ammo hech qanday yomgʻir yogʻmaydi. Shunga qaramay, odamlar bu toshning kuchiga ishonadi, hozir boʻlgan kishilar bu faqat turklar yerida yuz berishi mumkin, deydi. Bu yerda ommaga, tipik auditoriyaga xos xususiyatlar koʻzga tashlanadi.

Zamonaviy auditoriyada ham shunday. Gyustav Lebon “Xalq va omma psixologiyasi”da yozganidek, “Omma (tolpa)ga eng oddiy va odmi hissiyotlar tanish, oʻzini ishontirgan istalgan fikr, gʻoya va maslakni mutlaq haqiqat yoki mutlaq xato deb qabul qilishi mumkin. Omma hech qachon haqiqatni bilishga harakat qilmaydi, kim uni ishontirsa, unga ergashadi, kim uni tafakkur qilishga undasa, uning qurboniga aylanadi”.

Shunday qilib, Beruniy har qanday uydirmalarni rad qiladi, har bir holatni ilmiy asosda izohlaydi. Doʻl qaytaruvchi toshlar haqida hikoya qilar ekan, Hindistonda brahmanlar soʻzini tekshirib koʻruvchi, tabiat hodisasini tushuntirib beruvchi hech kim yoʻqligini tilga olgan. Haqiqatgoʻy olim ham amaliy faoliyatida, ham ilmiy tadqiqotlarida haqiqatdan hech qachon chekingan emas. U hamisha rostgoʻylik bilan ish tutgani, chin fikrlarni izhor etgani axborot savodxonligi, madaniyati yuzasidan ahamiyatlidir.

“Hindiston” asarida mediasavodxonlik nuqtayi nazaridan ahamiyatli boʻlgan oʻrinlar koʻp, masalan, koʻz bilan koʻrilgan voqelik va boshqa birov orqali yetkazilgan xabarning, yaʼni reallik va reprezentatsiyaning farqini koʻrsatib beradi. “Xabar koʻz bilan koʻrgandek boʻlmaydi, degan kishining soʻzi juda toʻgʻridir. Chunki koʻrish koʻringan narsaning oʻzi bor paytida va oʻz joyida turganida qarovchi koʻzning uni uchratishidan iboratdir. Xabarga yolgʻon-yashiqlar qoʻshilmaganida, u koʻrishga nisbatan ortiqroq oʻrinda turgan boʻlar edi… Soʻngra odatda boʻlishi mumkin boʻlgan narsa haqida berilgan xabar bir xilda [farqsiz] rost va yolgʻon boʻlaveradi; xabar xabar beruvchilar sababli rostlik va yolgʻonlik tusini oladi. Chunki odamlarning maqsadlari xilma-xil, xalqlar oʻrtasida tortishish va talashish koʻp”. Manfaatlar toʻqnashuvi, axborot tarqatishning inson omili bilan bogʻliqligi talqin turli-tumanligi, yolgʻon axborot paydo boʻlishiga sabab boʻladi. Buyuk mutafakkir yolgʻondan ogohlantiradi.

Bu mediataʼlimdagi reprezentatsiya reallikning oʻrnini bosa olmasligi, u reallikka mos boʻlishi mumkinligi yoki uni inkor qilish prinsipining aynan oʻzidir.

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Har oy eng muhim faktcheklar va feyklar haqida bitta qisqa xat. Spam yo‘q — obunani istalgan vaqtda bekor qilishingiz mumkin.

Xat tili:

Mavzuga oid

Oylik dayjestga obuna bo‘ling

Oyning eng muhim tekshiruvlari — har oy pochtangizda.